Taʼkidlanishicha, “Elektron retsept” tizimini joriy etishdan koʻzlangan asosiy maqsad — davolash xavfsizligini oshirish va bemorlar salomatligini himoya qilish, shifokorlarning dori tayinlashdagi masʼuliyatini kuchaytirish, dori vositalarini tayinlash jarayonini tartibga solish, sogʻliqni saqlash tizimida raqamli hisobga oʻtish, shuningdek, kontrafakt yoki notoʻgʻri qoʻllanilayotgan dori vositalari aylanmasi bilan bogʻliq xavflarni kamaytirishdan iborat.
“Elektron retsept” tizimi hozirda Toshkent shahri va normativ hujjatlar bilan belgilangan 15 ta tumanda joriy etilmoqda. Tizimni butun respublika boʻylab kengaytirish 2026-yil oxirigacha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, bu — natijalarni tahlil qilish, aniqlangan tashkiliy va texnik muammolarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi. Koʻzlangan maqsad — zaif jihatlarni aniqlash va toʻliq joriy etishdan oldin mexanizmlarni takomillashtirishdan iborat.
Sogʻliqni saqlash vazirligi fuqarolarning xavotirini toʻliq tushunadi va taʼkidlaydiki: favqulodda holatlarda, shuningdek, bolalarga, keksa yoshdagi shaxslarga va surunkali kasallikka chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatishda hech kim zarur dori vositalarisiz qolmaydi. Ushbu toifadagi bemorlar alohida nazoratda boʻladi.
Yangi tizimni joriy qilish davri mobaynida Sogʻliqni saqlash vazirligida vazir rahbarligida doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruh tashkil etilgan. Ushbu guruh tarkibiga shifokorlar, dorixona tashkilotlari va AKT mutaxassislari kiradi. Ishchi guruh tizimning amalda qoʻllanilishini muntazam monitoring qiladi, fuqarolar va tibbiyot xodimlarining murojaatlarini koʻrib chiqadi, poliklinikalarga tushayotgan yuklamani, raqamli servislar barqarorligini va dori vositalarini berish tartibini tahlil qiladi. Zarur hollarda tezkor tarzda tegishli tuzatishlar kiritiladi.
Shifokor retseptisiz beriladigan asosiy hayotiy muhim dori vositalarining bazaviy roʻyxati shakllantirilgan. Uning maqsadi — kundalik va favqulodda maishiy holatlarda aholiga tezkor tibbiy yordam olish imkoniyatini taʼminlashdir. Roʻyxat xalqaro amaliyot, shifokorlar tavsiyalari va hayotiy holatlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy axborot resurslarida eʼlon qilingan. Bu jarayonda u amaliy qoʻllanish natijalari va kelib tushayotgan takliflar asosida aniqlashtirilishi va toʻldirilishi mumkin.
Toshkent shahri va 15 ta tajriba hududlarida joylashgan dorixonalarda joriy qilingan “Elektron retsept” tizimi doirasida vujudga kelayotgan murojaatlarni qabul qilish uchun telegram @ssv_pilotbot tashkil etildi. Ushbu bot orqali ushbu tizim va dori vositalarini berish bilan bogʻliq barcha murojaatlar ustuvor tartibda koʻrib chiqiladi.
“Elektron retsept” tizimini joriy qilish jarayonlari haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan jamoatchilik muntazam ravishda xabardor qilib boriladi.
Vazirlikning asosiy vazifasi — davolash xavfsizligi bilan zarur dori vositalarining mavjudligi oʻrtasida muvozanatni taʼminlash, barcha qarorlarni faqat bemor manfaatlaridan kelib chiqqan holda qabul qilishdan iborat.








