Grippga qarshi vaksinalar COVID-19 dan himoya qila oladimi?

    Kuz mavsumi boshlanib, iqlim salqinlashgan sari aholi orasida gripp va O'RVI ga chalinish ehtimoli oshib boradi.

    Milliy emlash kalendariga asosan, grippga qarshi emlanish jarayonlari sentyabr-oktyabr oylaridan boshlanib, mart oyigacha davom etadi. Koronavirus pandemiyasi sharoitida bu kabi kasalliklardan himoyalanish, ayniqsa, muhim hisoblanadi. SSV Matbuot xizmati shularni inobatga olib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boʻlim boshligʻi Rustam Ikromovga gripp va unga qarshi emlanish jarayonlari haqidagi savollar bilan murojaat qildi.

    — Grippga qarshi emlanish kasallikdan qanchalik himoya qila oladi?

    — Gripp oʻz vaqtida samarali davolanmasa, organizmda asoratlar qoldirishi mumkin. Hech qaysi vaksina kasallikdan butkul himoya qila olmaydi. Vaksina olganlar grippga 100 foiz chalinmaydi, deb hech kim kafolat bermaydi.

    Ammo grippga qarshi vaksina yoʻriqnomasida 98 foiz himoya qilishi koʻrsatilgan. Shu sababli har yili minglab yurtdoshlarimiz bu vaksinalarni qabul qilmoqda.

    — Yurtimizda grippga qarshi vaksinalarning qanday turlaridan foydalanilmoqda?

    — Chetdan olib kirilayotgan har bir vaksina sifati va samaradorligi Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli muassasasi tomonidan tekshirilib, amaliyotga joriy qilishga ruxsat beriladi.

    Yurtimizga turli davlatlarda ishlab chiqilgan vaksinalar olib kelinadi. Samaradorligi eng yuqori boʻlgan vaksinalar Niderlandiya, Germaniya, Xitoy, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqariladi.

    Grippaga qarshi vaksina qabul qilayotganda har bir fuqaro oʻz xohishiga koʻra turli davlatda ishlab chiqilgan vaksinadan birini tanlashi mumkin.

    — Vaksinaning taʼsir kuchi qanchaga yetadi?

    — Hamma vaksinalar kabi mavsumiy grippga qarshi vaksina ham organizmda 15 kun ichida mikroblarga qarshi immunitet ishlab chiqadi. Taʼsir kuchi 1 yilga yetadi.

    — Bilamizki, hozirda koronavirusga qarshi vaksina olishga qarshi koʻrsatmalari boʻlgan fuqarolar emlash jarayonlariga jalb etilmayapti. Grippga qarshi vaksina olishda ham shunday cheklovlar bormi?

    — Emlashdan oldin shifokor tomonidan albatta emlanuvchi shaxsning umumiy salomatligi tekshirilib, shunga koʻra vaksinatsiya qilish-qilmaslik belgilanadi. Yaʼni, emlanadigan kishi shamollash, nafas olish yoʻllari yalligʻlanishi kabi kasalliklardan tamoman sogʻlom boʻlishi kerak.

    Shuningdek, vaksina tarkibidagi komponentlarga nisbatan allergik taʼsirchanlik darajasi ham tekshiriladi.

    Shuni unutmasligimiz kerakki, COVID-19 gripp mavsumida xavfliroq boʻladi, shuning uchun grippga qarshi vaksina qabul qilish har qachongidan ham muhimroq. Koronavirus va gripp oʻzaro oʻxshash belgilarga ega boʻlib, yoshi katta insonlarga hamda yurak va oʻpka xastaliklari kabi surunkali kasalliklarga chalinganlar uchun qattiq taʼsir qilishi mumkin.

    — Grippga qarshi vaksinalar COVID-19 dan himoya qila oladimi?

    — Grippga qarshi emlash darajasini koʻpayishi aholi orasida nafas yoʻli kasalliklarini kamaytirishi mumkin.

    Grippga qarshi vaksina odamlarni COVID-19dan himoya qilmaydi, u grippni rivojlanish xavfini kamaytiradi, shuningdek, gripp bilan bogʻliq asoratlar, jumladan kasalxonaga joylashtirilish va hatto oʻlim xavfini kamaytiradi.

    — Koronavirusga qarshi emlangan odam grippga qarshi ham emlanmoqchi boʻlsa, unda qanday yoʻl tutish kerak?

    — Bu juda toʻgʻri qaror boʻladi. Bilamizki, gripp — mavsumiy kasallik. Undan oʻtib olish uchun vaksina katta yordam beradi. Koronavirus va gripp bir paytning oʻzida xuruj qilsa, organizm ancha qiynaladi. Shuning uchun ikkala kasallikka qarshi ham emlanish eng maqbul yoʻldir.

    Koronavirusga qarshi vaksina olgan fuqarolar emlanishdan 14 kun oʻtib grippga qarshi vaksina olishlari mumkin.