Metapnevmovirus yangi kasallik emas. Ortiqcha xavotirga hojat yoʻq — SSV

    Ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning qator mamlakatlari boʻylab metapnevmovirus infeksiyasi avj olayotgani hamda ushbu xastalik COVID-19dan ham xavfliroq ekanligi haqida xabarlar tarqalib, aholini xavotirga solmoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu xabarlarga munosabat bildirdi.

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Rustam Ikramovning maʼlum qilishicha, metapnevmovirus avvaldan maʼlum infeksiya boʻlib, birinchi marta 2001-yilda aniqlangan, — deydi mutaxassis. — Kasallik asosan havo-tomchi yoʻli orqali yoki baʼzi holatlarda ifloslangan yuzalar bilan aloqa natijasida yuqadi hamda tarqaladi.

    Mazkur virus bilan xastalanish holatlari dunyoning barcha mintaqalarida har yili qayd etiladi.

    Xususan, qoʻshni Qozogʻiston Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati tarqatgan xabarlarda ham ayni paytda oʻtkir respirator virusli infeksiyalar va gripp bilan kasallanishning mavsumiy oʻsishi kuzatilayotgani, shu jumladan 10-yillardan buyon mamlakatda metapnevmovirus ham qayd etilayotgani taʼkidlangan.

    Metapnevmovirusning kuz-qish davrida yanada faollashuvi kuzatiladi. Bu infeksiya odatda burun oqishi, yoʻtal va isitma belgilari bilan, xuddi oʻtkir respirator virusli infeksiyalar shaklida paydo boʻladi, baʼzi hollarda bronxiolit va pnevmoniyani keltirib chiqaradi.

    Kasallikni davolash odatda simptomatik boʻlib, asosan uy sharoitida bemorning ahvolini yengillashtirishga qaratilgan muolajalar qoʻllaniladi. Ogʻir holatlarda kislorodli terapiya yoki kasalxonaga yotqizish talab qilinishi mumkin.

    Metapnevmovirus bilan kasallangan odamlarning aksariyati asoratsiz tuzalib ketadi.

    Oʻzbekistonda ham ayni vaqtda oʻtkir respirator infeksiyalarning mavsumiy koʻtarilishi kuzatilmoqda. Yurtimizda ularning laboratoriya tekshiruvlari muntazam amalga oshirib kelinyapti va ana shunday tekshiruvlarning 39,9 foizida gripp virusi, 32,2 foizida rinovirus, 30,6 foizida respirator-sinsitial virus va 1,2 foizida metapnevmovirus aniqlangan.

    Oʻtkir respirator kasalliklarning bunday koʻtarilishi davrida aholini profilaktika choralariga rioya qilishga va odamlar gavjum joylarda, ayniqsa, kasallik belgilari yaqqol namoyon boʻlib turgan fuqarolar bilan muloqotni cheklashga chaqiramiz.