Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Bugun sogʻliqni saqlash tizimida kechayotgan keng koʻlamli transformatsiya jarayonlari sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish, bu orqali aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini yanada oshirishga qaratilgan.

Xususan, soʻnggi yetti yil davomida tibbiyot yoʻnalishida xususiy sektor ulushini oshirish, nodavlat tibbiyot muassasalari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti.

Tibbiyotning nodavlat sektorida ixtisoslik turlari 50 tadan 225 taga koʻpaydi. Soliq va bojxona imtiyozlari 2024-yil yakuniga qadar uzaytirildi.

Shuningdek, xususiy shifoxonalarning tibbiyot ixtisosliklari boʻyicha litsenziya olishiga imkon yaratildi.

2 308 ta ambulator va 421 ta statsionar sharoitda faoliyat olib boradigan yangi xususiy shifoxonalar tashkil etildi.

3 704 ta mavjud nodavlat klinikalar yangi tibbiy ixtisoslik hisobiga oʻz faoliyatlarini kengaytirdi.

Taʼkidlash lozimki, ayni paytda yurtimizdagi barcha tibbiyot muassasalarida tashkil etilgan oʻrin-joylarning 35 foizi xususiy sektor ulushiga toʻgʻri kelmoqda.