Shu yil may oyida Samarqandda oʻtkazilgan Oʻzbekiston — Germaniya xalqaro tibbiyot forumi sogʻliqni saqlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Anjumanda koʻplab nemis korxona, klinika va tibbiyot oliy oʻquv yurtlari qatorida dunyoga mashhur “Siemens Healthineers” kompaniyasi bilan ham mamlakatimiz shifoxonalariga zarur tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishilgan edi.
Oradan qisqa vaqt oʻtib, ana shu kelishuv ijrosi yuzasidan muloqot boshlandi: Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ushbu kompaniyaning vitse-prezidenti Bernt Biber boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Taʼkidlash joizki, 125-yildan ziyod tajribaga ega “Siemens Healthineers” kompaniyasi tibbiyot sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish va tibbiy asbob-uskunalarni yetkazib berish boʻyicha dunyoda yetakchilardan hisoblanadi.
Vazir muloqotda qayd etganidek, bugun Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimi toʻliq transformatsiya qilinmoqda. Bu jarayonda yurtimizdagi davlat davolash-profilaktika muassasalari qatori, 8 mingdan ziyod xususiy shifoxonalarni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash va bu orqali aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilangan.
Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi tibbiyot va tibbiy taʼlim xabiga aylantirish uchun yetarlicha imkoniyat va salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Oʻz navbatida, germaniyalik mehmonlar oʻzbek tibbiyoti jadal surʼatlarda taraqqiy etayotganini eʼtirof etib, Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan uzoq muddatli hamkorlik qilishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Muloqot davomida mamlakatimizdagi davlat va xususiy tibbiyot muassasalariga zarur tibbiy asbob-uskunalarni yetkazib berish, ularga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan servis-markazlar tashkil etish va mutaxassislar tayyorlash, sohaga eng soʻnggi rusumdagi innovatsion texnologiyalarni joriy etishga kelishib olindi.
Yakunda Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Siemens Healthineers” kompaniyasi oʻrtasida memorandum imzolandi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.