Silga qarshi kurash boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi JSSTda yana bir bor eʼtirof etildi

    Salomatlik 24 May 2023 2188

    Ayni paytda Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Shveysariyaning Jeneva shahrida xizmat safarida boʻlib turibdi.

    Vakillarimiz bu yerda 194 mamlakat delegatlari ishtirokida oʻtkazilayotgan Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasida ishtirok etyapti.

    Maʼlumki, shu yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining tuberkulyozga qarshi kurash boʻyicha yuqori darajadagi majlisi boʻlib oʻtadi. Unga tayyorgarlik doirasida tashkil etilayotgan interaktiv eshituvlarni Oʻzbekiston va Polsha hamraislikda muvofiqlashtirib boryapti.

    Bunga vazir A. Inoyatov oʻz maʼruzasida kengroq izoh berildi.

    Qayd etilganidek, bugun yurtimizda davlat rahbari tashabbusi bilan tuberkulyoz xizmatining isloh qilinishi natijasida qariyb 130 ming nafar inson hayoti saqlab qolindi, kasallikka chalinish koʻrsatkichi 43 foizga, oʻlim holatlari esa 84 foizga kamaydi.

    Hozir silni aniqlash boʻyicha mamlakatda 5 bosqichli zamonaviy laboratoriya tizimi ishlab turibdi. Xastalik profilaktikasi, diagnostikasi va muolajasi uchun zarur barcha dori vositalari davlat tomonidan bepul taʼminlanyapti.

    Birgina 2023-yilgi Davlat dasturiga muvofiq, 2023-2026-yillarda dori va sarflov vositalari, tibbiy texnika, mutaxassislar tayyorlash va innovatsion ilmiy izlanishlarga davlat byudjetidan 33 million, xalqaro donorlar hisobidan esa 26,5 million dollar miqdorida mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.

    Oʻzbekistonning 13 ta maʼmuriy hududida “Oʻpka salomatligi” koʻchma mobil brigadalari tashkil etilib, ular tomonidan chekka va olis manzillarda yashovchi aholi bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.

    Ftiziatriya va pulmonologiya xizmatlari integratsiya etilishi natijasida oʻpka salomatligi uchun universal hamda yuqori texnologik tibbiy yordam berish tizimi yaratilyapti.

    Yigʻilishda Oʻzbekistonning silga qarshi kurash boʻyicha tajribasi yana bir bor JSST doirasida yuksak baholanib, boshqa mamlakatlarga namuna sifatida eʼtirof etildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 2035-yilgacha dunyoda tuberkulyozdan oʻlim koʻrsatkichini 95 foizga kamaytirishga doir strategik maqsadni qabul qilgan.