Imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil etilayotgan ushbu tadbir doirasida dastlab Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi murakkab jarrohlik amaliyotlariga muhtoj, biroq davolanishga imkoni yo‘q bir guruh bemorlarda yuqori texnologik operasiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shu maqsadda vazirlik tomonidan viloyatning 22 tuman va shahrida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj 500 nafarga yaqin fuqaroning ro‘yxati shakllantirildi. Ayni paytda ular kasallik turiga qarab poytaxtimizdagi yetakchi shifoxonalar hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga joylashtirilmoqda.
Rejaga muvofiq, ushbu bemorlarda yurak nuqsonlarini endovaskulyar usulda davolash, stentlash, aorta koronar shuntlash, tos-son bo‘g‘imlarini endoprotezlash, lazer orqali ko‘z to‘r pardasini mustahkamlash kabi bir qator murakkab operasiyalar o‘tkaziladi.
Jarrohlik amaliyotlari respublikamizning eng malakali shifokorlari tomonidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Almagul Atabayeva — Chirchiq shahridan. 3 nafar farzandning onasi. Uning kenja qizi Hilola Yusupova og‘ir xastalik — tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan. Hozir maktabning 6-sinfida tahsil olayotgan ushbu bemor bolalikdan ko‘krak qafasida og‘riq, nafas qisishi, yurak urishining tez-tez o‘zgarishidan jiddiy aziyat chekadi. Hilola davolanish uchun murakkab jarrohlik amaliyotiga muhtoj. Ammo kerakli muolajalarni olish uchun oilaning moddiy imkoniyati cheklangan.
Aksiya doirasida bemor shifokorlar tomonidan yana bir bor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, poytaxtimizdagi yetakchi klinikalardan birida davlat hisobidan bepul operasiya qilinadigan bo‘ldi. Ayni paytda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun so‘nggi tayyorgarlik jarayonlari olib borilmoqda.
— Bolalikdan ko‘rish qobiliyatim juda past, — deydi G.Atamuratova. — Qolaversa, bosh miya ichki bosimining oshishi tufayli shifokorlar nazorati ostida doimiy muolaja olib kelaman. To‘g‘risi, sog‘lom qorachiqlar qanchalik bebaho ne’mat ekanligini men kabi bemorlar yaxshiroq tushunadi.
O‘tkazilayotgan ushbu aksiya esa menga qayta umid bag‘ishladi. Shifokorlarning aytishicha, yaqin kunlarda ko‘zlarim yana yaxshi ko‘ra boshlaydi. O‘sha kunlarni intiqlik bilan kutyapman.
Sog‘lomlashtirish aksiyasi davom etmoqda.