Tedros Gebreyesus “Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash aʼlochisi” boʻldi

    Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Jenevada oʻtayotgan Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasi doirasida JSST rahbari Tedros Gebreyesus bilan uchrashdi.

    Muloqotda asosiy eʼtibor mamlakatimizda ushbu tashkilot koʻmagida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi va istiqbollari muhokamasiga qaratildi. A.Inoyatov Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash sohasini rivojlantirishda koʻrsatilayotgan begʻaraz yordam uchun T.Gebreyesusga minnatdorlik bildirdi.

    JSST rahbari ham yurtimiz tibbiyotida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Ayniqsa, mamlakatimizning silga qarshi kurash borasida amalga oshirayotgan ishlari boshqa davlatlarga oʻrnak boʻlishini taʼkidladi.

    Muloqot yakunida JSST bilan Oʻzbekistonning samarali hamkorligini taʼminlashga qoʻshayotgan hissasi uchun Tedros Gebreyesusga “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni topshirildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.