— Ochigʻini aytish kerak, avvallari yurtimizda tez tibbiy yordam koʻrsatish sifatidan koʻpichilikning koʻngli toʻlmas, qolaversa, tizimdagi shifokor kadrlar malakasi borasida ham qator muammolar mavjud edi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashev. — Shu bois keyingi yillarda sohani yetuk va tajribali mutaxassislar bilan taʼminlash, ularni qayta tayyorlash hamda kasbiy koʻnikmalarini oshirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Natijada 2022-yilning oʻtgan 9 oyi davomida “Tez yordam”da faoliyat yuritayotgan shifokorlar soni 13 ming 798 nafarni tashkil etib, taʼminlanganlik darajasi 90,7 foizga yetdi. Bu boradagi koʻrsatkich Buxoro va Namangan viloyatlarida 100 foiz, Samarqandda 99 foiz, Andijonda 95,2 foizni tashkil qilmoqda.
Maʼlumki, “103” xizmatida reanimatolog-shifokorlar alohida oʻringa ega boʻlib, ayni paytda sohada 686 nafar ana shunday yetuk mutaxassislar faoliyat olib bormoqda. Bu borada eng yaxshi koʻrsatkich Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari hissasiga toʻgʻri kelib, mazkur hududlarda “103” xizmati toʻliq reanimatolog-shifokorlar bilan taʼminlangan.
Shuningdek, 2022-yilning ayni shu davrida tizimda mehnat qilayotgan oʻrta tibbiyot xodimlari soni 29 ming 156 nafarni tashkil qilmoqda, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.