Ammo, afsuski, ko'pchilik bemorlar 8-14 yoshda, ya'ni kasallik belgilari kuchaygan vaqtda shifokorga murojat kilishadi. Vaholanki, umurtqa pog'onasining yon tomonga qiyshayishi bilan namoyon bo'ladigan bu xastalik o'z vaqtida muolaja qilinmasa, ko'plab og'ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Biroq skoliozning xavf guruhlari o'zaro farqlanadi. Xastalikning to'rtinchi darajasi — ular orasida eng og'iri.
Uch yoshli jajji bemor YUlduzxon Sunnatova — shunday tug'ma nuqson bilan dunyoga kelgan. Unda xastalikning eng og'ir darajasi. Ustiga-ustak, rivojlanish nuqsoni umurtqa pog'onasining buyin, ko'krak va bel-dumg'aza qismlarida mavjud edi.
Kuni kecha Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Qibray tumanilik ana shu qizaloqning umurtqa pog'onasida noyob jarrohlik amaliyoti o'tkazildi.
— Bolalarda skolioz qancha erta aniqlansa, muolaja ham shuncha samarali bo'ladi, — deydi markaz direktori Murod Irismetov. — Chunki ular ulg'aygani sari umurtqa pog'onasidagi suyaklar ham qattiqlashib, davolash qiyinlashadi.
Kech bosqichlarda esa operatsiya qilishga to'g'ri keladi. Avvallari bizda bunday tug'ma nuqsonli bemorlarda amaliyotlarni muvaffaqiyatli o'tkazish uchun uning yoshi katta bo'lishi kutilar edi.
Oqibatda bu umurtqa pog'onasida ikkilamchi deformatsiyalar va ichki organlarda ikkilamchi o'zgarishlarga, qolaversa, yurak-qon tomir kasalliklari va nafas etishmovchiligiga sabab bo'lardi. Uch yoshli bemorda o'tkazilgan operatsiya shunisi bilan ham noyob va murakkab hisoblanadi.
Umuman, endi markazimiz shifokorlari Moskva shahridagi N.N.Priorov nomidagi travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlik natijasida shunday amaliyotlarni mustaqil ravishda bajarishni o'zlashtirdi.
Yulduzxonda jarrohlik muolajasi 3 soat davom etdi. Unda umurtqa pog'onasi skoliotik deformatsiyani korrektsiyalash va endokorrektor-fiksatsiyalash amaliyoti o'tkazildi.
Jonlantirish bo'limidagi bir kunlik intensiv muolajalardan so'ng qizaloq reabilitatsiya bo'limiga o'tkazildi. Hozir uning ahvoli qoniqarli. Og'riq qoldiruvchi va umumiy quvvatlovchi muolajalar olmoqda.
Shifokorlarning ta'kidlashicha, jajji bemor tezda oyoqqa turib, sog'lom hayotga qaytadi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.