Shu maʼnoda akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi dunyoning yetakchi tibbiyot muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
— Bugungi kunda xorijlik mohir xirurglar bilan birgalikda markazimizda koʻplab murakkab operatsiyalar oʻtkazilmoqda, — deydi muassasa direktori Saidmurod Ismailov. — Jumladan, joriy yil Shveysariyaning Syurix universiteti Torakal jarrohlik shifoxonasi mutaxassislari ishtirokida oʻpka va koʻks oraligʻi jarrohligi boʻlimida 3 ta yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.
Qolaversa, N.I.Pirogov nomidagi Sankt-Peterburg davlat universitetining yetakchi kardiojarrohi Maksim Stolyarov tomonidan mahalliy jarrohlarimiz uchun yurak ishemik kasalligi va uning asoratlari, infarktdan keyingi chap qorincha anevrizmasi, past qisqaruvchanlik xususiyatiga ega chap qorincha bilan asoratlangan bemorlarni xirurgik usulda davolash boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi.
Yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha markazimizning 20 nafar mutaxassislari xorijning yetakchi ilmiy markazlarida tajriba orttirib qaytdi. Shu bilan birga, joriy yil chet eldagi nufuzli ilmiy markazlar, jumladan, Hindistonning Apollon, Artemis, Aakash Healthcare hamda Manipal klinikalari va Turkiyaning Acibadem kasalxonalari bilan oʻzaro memorandumlar imzolandi.
Bugungi kunda markaz negizida 3 nafar chet ellik mohir jarrohlar faoliyat yuritmoqda. Ulardan biri kardioxirurgiya, ikki nafari esa jigar transplantatsiyasi boʻyicha mutaxassislardir. Eng muhimi, bu kabi hamkorlik aloqalari mahalliy shifokorlarimizning bilim va malakalarini oshirishga xizmat qilayotir.
Prezidentimizning 2021-yil 4-oktyabrdagi “Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan RIXIATM negizida malakali xirurg mutaxassislarni tayyorlash maqsadida mamlakatimizda oʻxshashi boʻlmagan simulyatsion markaz tashkil etish va unda hududiy filiallar mutaxassislarini oʻqitish rejalashtirilgan.
Yana bir muhim yangilik, Xirurgiya markazida yaqin kelajakda yurtimizda ilk bor yurak transplantatsiyasi amaliyotini oʻtkazish maqsad qilingan.Eng muhimi, tibbiyotimizdagi bunday ijobiy oʻzgarishlar, avvalo, xalqimiz salomatligini saqlash, aholiga ixtisoslashtirilgan sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishga xizmat qiladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.