Xirurgiya markazida yil boshidan buyon qariyb 500 nafar bolada tug‘ma yurak nuqsoni jarrohlik yo‘li bilan davolandi

    Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga qaraganda, sayyoramizda har yili 100 ming nafar chaqaloqdan 600-800 nafari tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga keladi.

    Qolaversa, mazkur xastalik kelib chiqishiga ko‘ra, nevrologik, tug‘ma nuqsonlar va suyak-mushak tizimi kasalliklaridan so‘ng uchinchi o‘rinda qayd etilgan. Eng achinarlisi, o‘z vaqtida zarur muolajalar qilinmasa, bu dard bola o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin.

    Shu bois uni erta aniqlash, oldini olish va bemor o‘g‘il-qizlarning darddan forig‘ bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish juda muhim.

    Qayd etish kerak, bugungi kunda yurtimiz tibbiyotida ushbu xastalikni yangicha va zamonaviy davolash usullari amaliyotga keng joriy etilmoqda. Xususan, akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida mazkur yo‘nalishda bir qator noyob operasiyalar o‘tkazilyapti.

    Misol uchun, ayni paytda mamlakatimizda tug‘ma yurak nuqsoniga chalingan 4158 nafar bola bo‘lib, ular safiga har yili yana 600 nafar murg‘ak bemor qo‘shiladi. E’tiborlisi, o‘tgan 2021 yil markazda yurak-qon tomir tizimining tug‘ma nuqsonlari bo‘lgan ana shunday bolalarda 620 ta, shu jumladan, 3 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarda 194 ta murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

    — Jahon miqyosida bunday operasiyalar o‘ta murakkab hisoblanadi, — deydi ushbu muassasa bo‘lim boshlig‘i, tibbiyot fanlari doktori Hakimjon Abrolov. — Aytish kerak, 2022 yil yurtimizda mazkur amaliyotga bo‘lgan yuqori ehtiyoj tufayli markazda yangi — tug‘ma yurak nuqsonlari jarrohligi bo‘limi faoliyat boshladi.

    Bu esa joriy yilning o‘tgan davri davomida 497 ta ana shunday murakkab operasiyalarni amalga oshirish imkonini berdi. Ulardan 60 nafari esa 3 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

    Shuningdek, bu turdagi noyob amaliyotlarni nafaqat ushbu muassasada, balki hududlarda bajarishga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Natijada 2021 yil viloyat markazlarida turli tug‘ma yurak nuqsonlari bo‘lgan bolalarda 53 ta jarrohlik operasiyasi o‘tkazildi.

    2022 yilning birinchi yarmida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Surxondaryo, Buxoro hamda Samarqand viloyati markazlarida 35 ta bunday yuqori texnologiyali noyob muolajalar bajarildi.

    Bu esa bolalarga kardioxirurgik yo‘nalishda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda.