Standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimidagi eskirgan talablar va byurokratiya tadbirkorlarning “qoʻlini bogʻlayotgani”, sohada korrupsiyani keltirib chiqarayotgani koʻrsatib oʻtildi.
25 mingdan ortiq standart, 41 ta texnik reglament xalqaro bozor talablariga mos kelmaydi. Hozirda 13 mingga yaqin turdagi tovarning 6,5 mingi majburiy sertifikatlanadi, bu esa tannarxni oshiradi.
«Vazirlar, hokimlar qachon tadbirkorlarni eshitib, qaysi standartni yangilash, qaysi birini bekor qilish, nima mahsulotni majburiy sertifikatsiya roʻyxatidan chiqarishni oʻylab koʻrdi? Afsuski, bunga ijobiy javob yoʻq», — deya qatʼiy eʼtiroz bildirdi Prezident.
Xususan, investorlar mamlakatimizdagi koʻp laboratoriyalar talabga javob bermasligi, rivojlangan davlatlar standartlari esa tan olinmayotganini aytmoqda.
Hozirgi tizimda sertifikatlash organlari bir paytning oʻzida bozor nazoratini ham olib borayotgani, bu esa manfaatlar toʻqnashuviga olib kelayotgani qayd etildi.









