Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining xabar berishicha, “Jartepa” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan taqiqlangan qurilmani olib kirishga urinishning oldi olindi.
Taʼkidlanishicha, qoʻshni davlatdan Oʻzbekiston hududiga kirib kelayotgan fuqaro boshqaruvidagi “Mercedes-Benz” rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan oʻtkazildi.
Tekshiruv jarayonida transport vositasining bagaj qismida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilmagan, shuningdek tegishli ruxsatnomasi mavjud boʻlmagan, qiymati taxminan 6 million soʻmlik 1 dona Starlink qurilmasi borligi aniqlandi.
Holat yuzasidan protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi.
Samarqand viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati tomonidan berilgan xulosaga koʻra, mazkur orbital sunʼiy yoʻldosh aloqa qurilmasini respublika hududiga maxsus ruxsatnomalarsiz olib kirish va undan foydalanish mumkin emasligi yana bir bor tasdiqlandi.
Ayni paytda ushbu holat boʻyicha fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.