“Startaplar, bu boradagi yangi qonun va yangi Oʻzbekiston haqidagi oʻylar...”

    Suhbat 10 Sentabr 2020 1639

    tadbirkor Ulugʻbek Ismatov bilan suhbat

    “Yangi Oʻzbekiston” nashri mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy sohalarida xizmat qilayotgan hamyurtlarimiz bilan intervyularni davom ettiradi. Bu galgi suhbatdoshimiz tadbirkor, bloger va startaplar boʻyicha mutaxassis Ulugʻbek Ismatov boʻldi. Qahramonimiz “Startupmarket.me”, BeCreative Media” “INTV” loyihalari asoschisi va “Media and Project Management Group” rahbaridir.

    M.: Ulugʻbek aka bugungi kunda sizni media, IT va startaplar boʻyicha katta muvaffaqiyatga erishgan yoshlarimizdan biri sifatida bilamiz. Shu nuqtayi nazardan suhbatimizni ushbu yoʻnalishlarga kirib kelishingizga sabab boʻlgan omillar mavzusida boshlasak?

    U.I.: Bolalikdan jamoa tuzish, shu jamoa bilan yangiliklar qilish, umuman rivojlanishga qiziqish boʻlgan.

    Hozirgi kunda, siz yangilik qilolsangiz, muammolarga yechim berolsangiz va bundan yana daromad qila olsangiz startapchisiz. Men esa, avvaldan muammolarga yechimlar qidirish va sogʻlom fikrga tayanganman...

    Kirib kelish shunday, natijalar esa har bir davrdagi jamoamizniki. Bir kishi gʻoya generatsiya qilishi mumkin, lekin jamoasiz uni amalga oshirish murakkab yoki ilojsiz ishga aylanadi.

    M.: Soʻnggi yillarda leksikonimizga startaplar atamasi kirib keldi. Ammo, koʻpchilik bu haqida yetarli tushunchaga ega emas. Sizningcha, startap loyiha deganda nimani tushunish kerak?

    U.I.: Startap loyiha bozorda mavjud boʻlgan muammolarga noodatiy yechim taklif qila oladigan, noodatiy biznes model yoki xaridorlarni jalb qilish usuliga ega, bundan tashqari amalga oshadigan va kengayadigan loyihadir.

    Yana bir qoʻshimcha, startap loyihada texnologik yangilik ham boʻlishi shart. Tushunarli boʻlishi uchun misol keltiraman. Avval kartalar orqali mobil telefon hisobini toʻldirgan boʻlsak, keyinroq Paynet xizmati chiqib yumushimiz yengillashdi. Hozir esa, oʻzimiz mobil ilovalar, bankomatlar yordamida bemalol hisobimizni toʻldiradigan darajaga keldik.

    Qolaversa, bugungi kunda mobil ilova orqali buyurtma beriluvchi taksilar, aqlli yetkazib berish xizmatlari rivojlanmoqda.

    M.: Bugungi kunda mamlakatimizda qaysi yoʻnalishlar boʻyicha startaplar rivojlanayotganini koʻryapsiz?

    U.I.: Startaplar kengaya olishi kerak. Shu boisdan u haqida bitta davlat darajasida emas, balki katta bozor muhitida qaraganimiz yaxshiroq boʻladi.

    Hozirgi kunda Sunʼiy idrok, maʼlumotlar tahlili, Big-Data, Machine Learning kabilarga asoslangan taʼlim, tibbiyot texnologiyalari, qoʻshimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan servislar, sotuvlarni oshirishga yaʼni tadbirkorlik subyektlarining muammolariga yechim boʻla oladigan, shuningdek avtomatlashtirilgan tizimlarga asoslangan startaplarga talab yuqori, demak oʻz-oʻzidan shu yoʻnalishlarda rivojlanish imkoniyati ham yuqori. Faqat davlat miqyosida olmaganim sababi, biz global bozor sharoitlariga moslashishimiz kerak. Bizning startaplar rivojlanishi hudud miqyosida qolib ketmasdan, 500 Startups, Y-Combinator kabi dunyoning eng yirik Startap akselerator talablariga ham javob bera oladigan boʻlishigina rivojlanishning keyingi bosqichlarini taʼminlaydi.

    M.: Faoliyatingiz davomida muvaffaqiyatsizlikka uchragan loyihalar boʻlganmi?

    U.I.: Ish bor joyda xatoliklar boʻlishi tabiiy jarayon. Muhimi, yoʻl qoʻyilgan xatoni qayta takrorlamaslikdir. Tan olaman, bir qancha loyihalarim muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Masalan “Webber”, “Production House”, “Hot Digital Agency”, “Music Maker” kabi media loyihalarimning dastlabki davri muvaffaqiyatli boʻlmagan. Shunday boʻlsada, muvaffaqiyatsizliklarim hozirgi yutuqlarimning asosiy sababchisi, deb bilaman.

    Xususan, bugun meni “Startupmarket.me”, “BeCreative Media” “INTV” kabi loyihalar orqali yaxshi tanishadi.

    Shuning uchun muvaffaqiyatsizlikka uchrashdan qoʻrqmaslik lozim.

    M.: Joriy yil Prezidentimizning yoshlar bilan uchrashuvida “Startaplar toʻgʻrisida”gi qonun ishlab chiqilishini taklif etgan edingiz va bu qoʻllab-quvvatlangan. Mazkur qonun kelgusida qabul qilinganidan keyin sohada aynan qanday oʻzgarishlar boʻlishi mumkin?

    U.I.: Qonun yaqin vaqt ichida qabul qilinsa bundan faqatgina xursand boʻlaman.

    Hozir qonun dastlabki bosqichda ishlab chiqilgan. Unda investor, biznes angel, venchur fondlar va ularga berilgan huquqlar toʻgʻrisida ham yetarlicha maʼlumot bor. Eng asosiysi odatiy biznesdan ajratib turuvchi startap loyihani aniqlash mezonlari koʻrsatib berilgan.

    Startaplarga davlat tomonidan imtiyozlar berilishi bu juda muhim ahamiyatga ega. Sababi istalgan biznes vakili imtiyoz uchun oʻzini startapmen deya olmasligi kerak. Hozirgacha esa, na davlat roʻyxatidan oʻtishda va na soliqqa tortish tizimida startap tushunchasi mavjud emas. Startap oʻz faoliyatini boshlaganidan keyin balki yillab foyda koʻrmas, hatto daromad ham qilmasligi mumkin. Bu davrda u soliq toʻlashga majbur boʻlsa startapidan voz kechgani unga yaxshiroq boʻlib koʻrinadi.

    Yana bir muhim maʼlumot, qonunda startap viza ham keltirib oʻtilgan. Bu ham oʻz navbatida xorijiy investorlar va investitsion fond vakillariga qulaylik yaratadi. Yana bir jihati davlat boshqaruvidagi koʻplab insonlar ham shu bahona startap nimaligi haqida yaxshigina xabardor boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, qonun hozirda mavjud toʻsiqlarni olib tashlashi va yana-da katta imkoniyatlar yaratishi lozim.

    Isroil davlatidan 20 ta unicorn startaplar chiqqan. Nega endi bizdan chiqmasligi kerak?! Albatta chiqadi. Qonun bu yoʻlda faqat asos vazifasini bajaradi, qolgani bizning harakatimiz va dunyoqarashimizga bogʻliq.

    M.: Boʻsh vaqtlaringizda nimalar bilan shugʻullanasiz va kitob mutolaasiga ham vaqt boʻlib turadimi?

    U.I.: Boʻsh vaqt kamdan kam boʻladi. Bunday vaqtda boshqa soha vakillari, intellektuallar bilan koʻproq gʻoyalar haqida suhbat quraman. Bu esa, oʻziga xos “brainstorm” vazifasini bajaradi.

    Shu bilan birga Yutub orqali sunʼiy idrok, kelajak, oxirgi texnologiyalar haqida videolar tomosha qilaman. Oxirgi vaqtlar sunʼiy idrok, neyro tarmoqlar ochib berayotgan imkoniyatlar shaxsan oʻzimni ilhomlantirmoqda.

    Kitob mutolaasi masalasiga kelsak, u kundalik yumushlarimdan biri desam ham boʻladi.

    Hozir oʻqiyotgan kitobimni 2016-yil oʻqiganman. Lekin, dunyoqarash darajasiga qarab ong hazm qilishi oʻzgarar ekan. Chunki ayni kunlarda mutolaa qilayotganim Ilon Maskning “Kelajakka yoʻl” kitobini umuman boshqacha tushunyapman.

    Undan avval Piter Dryukerning “Samarador rahbar” kitobini oʻqib tugatdim.

    M.: Yangi Oʻzbekistonni qanday tasavvur qilasiz?

    U.I.: Yangi Oʻzbekistonda aksariyat insonlar bir yoʻnalishda emas, yangi yoʻnalishlarda ham raqobatbardosh boʻla oladigan qatlamlar boʻlishini tasavvur qilaman.

    Shuningdek, yangiliklarda “Oʻzbekistonda yaratilgan startap
    3 mlrd AQSH dollarga sotildi!..”, “Oʻzbekistonlik dasturchilar yaratgan sunʼiy idrok oʻz natijalari bilan raqobatchilarni ortda qoldirdi!..”, “Oʻzbekistonlik olim Nobel mukofotini oldi!..” kabi xabarlar yangrashini xohlayman.

    Umuman, kelajakda Yangi Oʻzbekistonda inson intellektual resurslarga tayanadigan, aqlli tizimlardan foydalanadigan va qonunlar doimiy yaxshilanib zamonaviylashib boradigan davlat sifatida koʻrishni istagan boʻlardim.

    Qolaversa, insonlar nafaqat shu yerda tugʻilgani yoki ota-onasi oʻzbek boʻlgani uchun, balki yashash sharoitlari va rivojlanish imkoniyatlari uchun ham vatan qila oladigan Oʻzbekistonni chin maʼnoda “Yangi Oʻzbekiston” deb atasa boʻladi. Hozir mamlakatimiz shu yoʻldan ketayotganiga ishonaman.

    M.: Kelgusidagi rejalaringiz qanday?

    U.I.: “Kelgusi” soʻzi shaxsan oʻzimni ilhomlantiradi. Ochigʻi, intensiv axborot shovqini ostida yashayotgan bugungi davrimizda bugun yoki kechaning voqealari bilan juda bandmiz.

    Biroq, men kelajak haqida yirik oʻlchamlarda bosh qotirishga, kelajak yechimlarini ishlab chiqishga doimiy harakat qilib kelaman.

    Shu maʼnoda kelgusida kitob yozish niyatim bor.

    Shuningdek, hozir amalga oshirayotgan startaplarimni rivojlantirish, ular soni va koʻlamini kengaytirish, shu bilan birga rahbarlik qilayotgan jamoamni rivojlantirish, yangi maqsadlar qoʻyish va ularga yetishishni maqsad qilganman. Ilon Mask bilan birga ishlash ham kelajakdagi rejalarimdan biri.

    Oxirgi paytlar shaxsiy rivojlanishga kam vaqt ajratayotganimni his qilyapman. Shuning uchun oʻz ustimda yana-da koʻproq ishlab insonlarga foydali loyihalar yaratish ularni rivojlantirishni ham oʻylayapman. Mana shu ishlarim bilan Oʻzbekistonning taraqqiyotiga hissamni qoʻshsam oʻz niyatlarimga erishgan boʻlaman.

    Shaxsiy hayotda esa, uylanish va baxtli bir oilaning egasi boʻlishni aytishim mumkin.

    Nurillo Toʻxtasinov suhbatlashdi