Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.

Statistika organlarini sifatli va ishonchli maʼlumotlarni shakllantirishga, statistika maʼlumotlarining shaffofligi va oshkoraligini oshirishga qaratilgan professional mustaqil xizmatga aylantirish ustuvor yoʻnalishlardan biridir.

Qarorga muvofiq, Davlat statistika qoʻmitasi rasmiy statistikani shakllantirish bilan bogʻliq oʻz vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil amalga oshiradi va qoʻmita tomonidan shakllantiriladigan statistika maʼlumotlari rasmiy statistika axboroti sifatida eʼlon qilinadi.

Statistika organlarining qonuniy faoliyatiga har qanday aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Hududiy statistika boshqarmalar, tumanlar (shaharlar) statistika boʻlimlari mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqil boʻlib, bevosita Davlat statistika qoʻmitasiga boʻysunadi.

Qaror bilan 2020-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.