STEM taʼlimi, biznes va sunʼiy intellekt: xalqaro seminar-trening tashkil etildi

    Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida xalqaro hamkorlik doirasida STEM taʼlimi, tadbirkorlik va taʼlimda sunʼiy intellekt mavzulariga bagʻishlangan oʻquv seminar-trening boʻlib oʻtdi.

    Mazkur tadbirni institutning oʻquv ishlari boʻyicha prorektori — Poʻlatxon Lutfullayev ochib berdi. Kirish soʻzida prorektor zamonaviy taʼlim tizimida STEM yoʻnalishlari, tadbirkorlik kompetensiyalari va sunʼiy intellekt texnologiyalarining oʻrni tobora ortib borayotganini, bunday xalqaro seminarlar esa talabalarni global bilim maydoniga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi.

    Seminar-trening Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oʻzbekistondagi Konsulligi bilan hamkorlikda tashkil etilib, AQSH Hukumatining English Teaching Assistant (ETA) dasturi hamda USG bitiruvchilari faol ishtirok etdi. Tadbir davomida talabalar STEM, biznes va SI sohalaridagi zamonaviy tendensiyalar, taʼlimda sunʼiy intellektdan foydalanishning amaliy mexanizmlari hamda startap tashabbuslarini rivojlantirish masalalari bilan yaqindan tanishdilar.

    Seminar spikerlari:

    • Feruza Erqulova — kichik taʼlim markazlari uchun sunʼiy intellekt asosidagi biznes modellari
    • Emily Tchorz — STEM taʼlimi va startaplar ekotizimi
    • Nasibaxon Jakbarova — qishloq hududlarida tadbirkor ayollarni rivojlantirish: innovatsiyalar va mikrobiznes modellari
    • Kevin Berghuis — sunʼiy intellekt: imkoniyatlar va amaliy chegaralar
    • Emily Chen — YouTube orqali talabalar faolligini oshirish usullari
    • Rohatoy Rasulova — taʼlim jarayonida sunʼiy intellektdan samarali foydalanish

    Muhokamalar interaktiv ruhda oʻtkazilib, talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan bevosita javob oldilar hamda texnologiyalarni oʻquv va kelajak kasbiy faoliyatida qoʻllash boʻyicha amaliy tavsiyalar bilan boyidilar.

    Tadbir yakunida barcha ishtirokchi talabalarga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, norasmiy networking sessiyasi va pitssa tanaffusi orqali talabalar va xalqaro ekspertlar oʻrtasida ochiq muloqot muhiti yaratildi.

    Ushbu seminar-trening institut talabalari orasida innovatsion fikrlashni rivojlantirish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni shakllantirish hamda xalqaro tajriba almashish uchun muhim ilmiy-amaliy platforma boʻlib xizmat qildi.