Navoiy viloyati hokimligi mazkur holatga munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, Navoiy viloyati hokimligi rahbariyati ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan va eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan mazkur jarayonga aslo befarq emas. Shuningdek, hokimlik maʼnaviyatga zid, mentalitetga xos boʻlmagan, yoshlarni turli yot gʻoyalarga targʻib qiluvchi har qanday tadbirga qarshi ekanini maʼlum qiladi.
Shu bois, “Stixiya” festivalini oʻtkazuvchi Unidentified Projects Company MCHJ rahbariyati viloyat hokimligi tomonidan yuqorida qayd etilgan holatlar sodir etilmasligi boʻyicha rasman ogohlantirilgan.
“Ushbu MCHJ rahbariyatidan viloyat hokimining nomiga mazkur festival doirasida maʼnaviyatimizga zid, yoshlarimiz ongiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi holatlarga yoʻl qoʻyilmasligi boʻyicha kafolat xatlari olingan”, — deyiladi munosabatda.
Unidentified Projects Company MCHJ boshqaruv direktori Otabek Sulaymonovning Navoiy viloyati hokimi nomiga yoʻllagan xatidan koʻrish mumkinki, festivalda kuchli alkogol ichimliklarini sotish va isteʼmol qilish taqiqlanadi. Shuningdek, festivalda tartibni saqlashga 45 nafar qoʻriqchi jalb etiladi, tartibbuzarlar festival oʻtkaziladigan hududdan chiqarib yuboriladi.