Farmon bilan quyidagilar tashkil etildi:
- Strategik rivojlanish agentligi (Agentlik);
- Prezident raisligida Agentlik Kengashi;
- Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan byudjetdan tashqari Strategik rivojlanish agentligini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi.
Agentlikning asosiy vazifalaridan biri tarmoqlar va hududlar kesimida investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni amalga oshirishning strategik masalalarini oʻrganish, investitsiya faoliyatining istiqbolli tarmoqlari va yoʻnalishlarini aniqlash hisoblanadi.
Agentlik Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan bosh direktor tomonidan boshqariladi.
Agentlik yuridik shaxs huquqiga ega davlat muassasasi hisoblanadi.
Agentlik daromadlari soliqqa solish obyekti hisoblanmaydi.
Agentlik faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Agentlik bilan kelishilishi lozim.
Davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari Agentlikning soʻroviga koʻra tegishli maʼlumotlarni, shu jumladan birlamchi statistik maʼlumotlarni oʻrnatilgan tartibda taqdim etadi va maʼlumotlar bazalaridan foydalanishga ruxsat beradi.
Agentlik xodimlariga ilgari ishlagan joyida berilgan, shu jumladan koʻp yillik mehnati, harbiy va maxsus unvonlar (martaba va malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun ustamalar va qoʻshimcha haqlar saqlanib qoladi, harbiy va maxsus unvonlarga ega boʻlmagan oliy yuridik maʼlumotli xodimlar uchun esa oʻrnatilgan tartibda adliya organlari va muassasalari xodimlari uchun belgilangan martaba darajalari berilishi mumkin.
Farmonga koʻra shuningdek, investitsiyaviy faollikni oshirish sohasidagi eng dolzarb muammolarni tezkor va samarali hal etish maqsadida Agentlik huzurida Strategik tashabbuslar akseleratori (Akselerator) tashkil etildi.
Agentlik bosh direktori Akselerator rahbari hisoblanadi.