Strategik sheriklikni mustahkamlash va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar imzolandi

    Hukumat 22 Dekabr 2022 3327

    Oʻzbekiston-Qozogʻiston sammiti yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev tarixiy hujjatlar – Ittifoqchilik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisida shartnoma va Oʻzbekiston-Qozogʻiston davlat chegarasini demarkatsiya qilish toʻgʻrisida shartnomani imzoladilar.

    Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, yirik kompaniyalari darajasida koʻp qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan 15 ta hujjat qabul qilindi.

    “Markaziy Osiyo” Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etish toʻgʻrisida, Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida, Oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlar, 2000-yil 7-iyuldagi Fuqarolarning oʻzaro kelib-ketish shartlari toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida bayonnoma shular jumlasidan.

    Shuningdek, strategik islohotlar, elektron savdoni rivojlantirish, oʻrmon xoʻjaligi, davlat xizmati sohalarida memorandumlar, Toshkent va Turkiston, Navoiy va Qiziloʻrda, Jizzax va Turkiston viloyatlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “yoʻl xarita”lari, energetika, kimyo sanoati, transport va logistikada loyihalar amalga oshirish boʻyicha bitimlar qabul qilindi.

    Tashrif doirasida jami 8 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi.