Stress saraton kasalligini keltirib chiqarishi mumkin

    AQSHning «Kold-Spring-Xarbor» laboratoriyasi olimlari oʻtkazgan tadqiqot davomida esa stress va saraton kasalligi oʻrtasidagi bogʻliqlik topildi.

    Maʼlum boʻlishicha, stressli vaziyatlarda organizmda bir qator gormonlar faollashuvi kuzatiladi. Shulardan asosiysi — adrenalin. U tufayli yurak urishi tezlashib, qon bosimi koʻtariladi va tanada qoʻshimcha energiya hosil boʻladi.

    Xuddi shunday ruhiy holat kortizol gormoni ishlab chiqarilishini ham faollashtiradi. Oqibatda qon tarkibida qand miqdori meʼyordan oshadi. Oʻz navbatida, tahdid yoʻqolishi bilan gormonlar yana normal holatiga qaytadi.

    Biroq agar inson doimo stress ostida hayot kechirsa yoki tez-tez depressiyaga tushsa, yuqoridagi gormonlar barcha organlar faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsata boshlaydi va bora-bora turli xavfli kasalliklarni qoʻzgʻatadi.

    Xususan, AQSH olimlari oʻtkazgan tadqiqot davomida surunkali stress saraton hujayralarini paydo qilishi aniqlandi. Yaʼni ruhiy tushkun holatimizda qon tarkibidagi neytrofillar tananing oʻsimtalarga moyilligini oshiruvchi yopishqoq tuzilmalar hosil qiladi.

    Olimlar xulosasiga koʻra, ushbu tadqiqot onkologik kasalliklarni davolashga doir yangi usullar va samarali strategik yondashuvlarni ishlab chiqishda qoʻl kelishi mumkin, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.