Subsidiyalar “subsidyplatform.mf.uz” toʻlov platformasi orqali ajratiladi

    “Mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga ipoteka kreditini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Hukumat qarori (691-son, 21.10.2024-y.) qabul qilindi.

    Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

    Qarorga koʻra, quyidagilar belgilandi:

    — yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash maqsadlari uchun asosiy stavkadan 4 foiz bandga yuqori stavkada 120 million soʻmgacha miqdorda, 20-yilgacha muddatga ipoteka kreditlarini ajratish;

    — ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun kredit muddatining birinchi 5-yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya toʻlab berish;

    — ipoteka kreditlari va ular boʻyicha subsidiyalarni rasmiylashtirish hamda ajratish tartibi.

    Shuningdek:

    — kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda kadastr pasportini rasmiylashtirish va koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq toʻlovlar qiymati 50 foizga kamaytiriladi;

    — yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash uchun ajratilgan ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badal va foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar “subsidyplatform.mf.uz” toʻlov platformasi orqali ajratiladi.