Taʼkidlash joizki, “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasida kengash raisi odil sudlovni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar va sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning holati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakunlari boʻyicha axborot taqdim etishi belgilangan.

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida korrupsiyaga yoʻl qoʻyish – islohotlarga xiyonat hisoblanishi taʼkidlanib, mamlakatimizda bu illatga qarshi kurashish boʻyicha joriy yilda “favqulodda holat” eʼlon qilingan edi.

Shu sababli, sudlar davlat hokimiyatining alohida boʻgʻini sifatida “korrupsiyadan xoli” tizimga aylanishida namuna boʻlishi lozim.

Sud mustaqilligini taʼminlash, sudyalarni tashqi bosimlardan himoya qilish uchun Sudyalar oliy kengashi bevosita masʼul hisoblanadi. 2025-yilda alohida Farmon qabul qilinib, unga yangi vakolatlar berildi. Sud tizimi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Kengash huzurida Odil sudlov akademiyasi tashkil etildi.

Sudyalar oliy kengashi tomonidan oʻtgan yilda 135 nafar nomzod ilk bor sudyalik lavozimiga, 286 nafar sudya lavozimga qayta tayinlandi, 241 nafardan iborat tergov sudyalari korpusi shakllantirildi.

Hisobot davrida 59 nafar sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi, jumladan, sudyalik qasamyodini buzganligi hamda Sudyalar odobi kodeksi talablariga rioya etmaganligi uchun 19 nafar sudya lavozimidan ozod etildi, 3 nafar sudya jinoiy javobgarlikka tortildi, 58 nafar sudyaning lavozimlari pasaytirildi. Sudyalik vakolati muddati tugagan 33 nafar sudya navbatdagi sudyalik lavozimiga noloyiq deb topildi hamda 266 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortildi.

Oʻtgan yilda sud faoliyatiga aralashganlik holatlari boʻyicha Bosh prokuraturaga 5 ta taqdimnoma kiritildi. Kengashning rasmiy veb-saytida sudya daxlsizligi buzilganligi yuzasidan tezkor xabar yuborish imkoni yaratildi.

Sudyalar daxlsizligi va mustaqilligini taʼminlash doirasida hududiy sudlar raislari tomonidan chiqarilgan 6 mingdan ortiq buyruqlar oʻrganilib, 231 ta buyruqda 314 nafar sudyalarga nisbatan odil sudlov bilan bogʻliq boʻlmagan vazifalar yuklatilganligi aniqlangan hamda ularni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar koʻrilgan.

Shu bois, sudyani oʻziga xos boʻlmagan vazifalardan ozod etish maqsadida sud apparati xodimlari bilan ishlash, moddiy-texnik taʼminot va barcha tashkiliy ishlarga masʼul boʻladigan “sud maʼmurchiligi” institutini tashkil etish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajriba oʻrganiladi.

Sudyalar mustaqilligi va daxlsizligini taʼminlash borasida Sudyalar intizomiy hayʼatini tashkil etish orqali sudyaga nisbatan intizomiy jazo qoʻllashning xolis tartibini yaratish taklif qilindi.

Sudya va ularning oila aʼzolari mol-mulkini deklaratsiya qilishni yoʻlga qoʻyish, sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan komplayens nazorat tizimini joriy etish, sud apparati xodimlarini ishga olishning ochiq tartibini yaratish kabi tashabbuslar ilgari surildi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati doirasida sud tizimida ham gender tenglikni taʼminlash masalasi muhokama qilindi. Jumladan, yaqinlashib kelayotgan 10-mart – Xalqaro ayol sudyalar kunini nishonlash boʻyicha rejalar belgilab olindi.

Prezidentimiz bildirilgan takliflarni qoʻllab-quvvatlab, sud hokimiyati mustaqilligi, sudyalar daxlsizligini taʼminlash, odil sudlovni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish yoʻnalishidagi tizimli chora-tadbirlarni izchil davom ettirish yuzasidan bir qator tavsiyalar berdi.