Sud-huquq islohotlari yangi bosqichda

    Fikr 29 Iyul 2020 7898

    Qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan, davlat hokimiyatining muhim tarmogʻi boʻlgan sud tizimi mustaqilligini taʼminlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning eng muhim ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.

    Yangilanayotgan Oʻzbekiston kelajagini barpo etish yoʻlida Davlat rahbari tashabbusi asosida uzoq va boy oʻtmishimiz, ajdodlarimizning davlatchilikni shakllantirish borasidagi tajribalariga tayangan holda ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasi natijalariga koʻra qabul qilingan taraqqiyot Dasturi “Harakatlar strategiyasi” asosida erishayotgan yutuqlarimiz nafaqat yurtimizda, balki xalqaro maydonda yuksak eʼtirof etilib, xalqaro maydonda mamlakatimiz obroʻ-eʼtiborini yuksalishini taʼminlamoqda.

    Dasturda belgilangan sud-huquq sohasidagi vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda koʻrish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish maqsadida “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezidentimiz Farmoni qabul qilindi.

    Mazkur Farmonga asosan sud himoyasini taʼminlashdagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida sud tizimida 2021-yil 1-yanvardan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish belgilandi.

    Bundan tashqari, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatini maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkaziladi.

    Fuqarolarning sarsongarchiligini oldini olish, ularning vaqtini tejash va ortiqcha xarajatlarini oldini olish maqsadida fuqarolik ishlari boʻyicha 4 ta tuman va 1 ta tumanlararo, jinoyat ishlari boʻyicha 4tuman, 1 ta tumanlararo iqtisodiy sudlari tashkil etiladi.

    Jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibini belgilash, jinoyat ishining umumiy tartibda koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichi joriy etiladi.

    Sud qarorlarini qayta koʻrishning bir-birini takrorlovchi bosqichlarini bekor qilish maqsadida, ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda sudlarda “Bir sud, bir instansiya” tizimi joriy etilib, sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti tugatilib, Oliy sud raisi,Bosh prokuror va ular oʻrinbosarlarining sud qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilinadi.

    Tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oliy sudning sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida, apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini Oliy sudning sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida, Oliy sud sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ular oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish belgilanmoqda.

    Albatta bu oʻzgarishlar sudlarda ishlarni uzoq muddat koʻrilishini oldini olib, ishlarni turli instansiyalarda qayta-qayta koʻrish amaliyotiga chek qoʻyadi.

    Prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori boʻyicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud boʻlgan holdagina, suddan chaqirib olib oʻrganish tartibi esa eski tuzumdan qolgan va hanuz davom etayotgan sud qarorlarini prokuratura tomonidan chaq́irib olib, oʻrganish amaliyotini cheklashga xizmat qiladi.

    Davlatmirza Kamilov

    Jinoyatishlariboʻyicha

    Namangan viloyat sudi raisi