Sud-huquq masalalari boʻyicha ommaviy qabullar Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida davom ettiriladi

    Mamlakatimizda 3 Iyun 2021 1045

    Fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish uchun yana-da qulay sharoit yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Sudyalar Oliy Kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi rahbar xodimlari ishtirokida joylarda ommaviy qabullar davom ettiriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Islamov va Oliy sud raisi Kozimjon Kamilov rahbarligidagi ishchi guruhlar joriy yilning avgust oyiga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida boʻlib, murojaatchilar bilan yana bir bor muloqot oʻtkazishadi. Ikkinchi davrada guruhlar avval qabul oʻtkazmagan viloyatga borishadi va bu bilan guruhlar tomonidan har bir viloyat fuqarolari qamrab olinadi.

    Bu safargi manzillar – Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Islamov rahbarligidagi ishchi guruhi Qashqadaryo viloyatida, Oliy sud raisi Kozimjon Kamilov rahbarligidagi ishchi guruhi esa Surxondaryo viloyatida joriy yilning 9-11-iyun kunlari ish olib boradi.

    Ommaviy qabullar oʻtkaziladigan manzil va sanalar bilan quyida keltirilgan jadvallar orqali tanishish mumkin.

    Keyingi ommaviy qabullar haqida oldindan maʼlum qilinadi. Qoʻshimcha maʼlumotlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hududlardagi Xalq qabulxonalariga murojaat qilish mumkin.