Sud qarori bilan «Navoiyazot» va «Sogda Kimyo Zavod»ga qarashli sexlar faoliyati vaqtincha toʻxtatildi

    Navoiy viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi hamda boshqa mutaxassislar tomonidan Navoiy shahri va Karmana tumani atrofidagi I va II toifali korxonalar hamda ushbu hududdagi ohak pishirish xumdonlari faoliyati oʻrganildi.

    Nazorat tadbirlari davomida 22 ta sanoat korxonasi tomonidan ekologik talablarga zid tarzda faoliyat olib borilayotganligi aniqlanib, qaror asosida ushbu korxonalar faoliyatini toʻxtatish yuzasidan tegishli choralar koʻrildi hamda 25 nafar masʼullarning maʼmuriy javobgarlik masalasi hal qilindi.

    Shuningdek, atmosferaga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi 22 ta korxona yoki sexlar faoliyatini toʻxtatish yuzasidan iqtisodiy sudlarga daʼvo arizalari kiritildi. Mazkur daʼvo arizalaridan 20 tasi Karmana tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan koʻrib chiqilib, 19 tasi qanoatlantirildi.

    Xususan, 23-sentyabr kuni Navoiy viloyat sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudyalari tomonidan Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori yuzasidan berilgan shikoyat arizasi koʻrib chiqilib, «Navoiyazot» AJning 23-sexi (ammiak) faoliyati sud qarori bilan vaqtincha toʻxtatildi.

    Shuningdek, Karmana tumanida joylashgan «Sogda Kimyo Zavod» MCHJga qarashli uchta sex faoliyatiga ham Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga asosan vaqtincha chek qoʻyildi.

    Bundan tashqari, reyd tadbiri davomida jami 92 ta noqonuniy, yaʼni qoʻlbola usulda qurilgan ohak pishirish xumdonlari aniqlanib, tegishli tashkilotlar ishtirokida toʻliq buzdirildi.