Sud qarori nega ijro etilmayapti?

    Ijtimoiy hayot 8 Sentabr 2023 1609

    Yoxud xonavayron qilingan qo'qonlik tadbirkor xususida

    Tahririyatimizga Farg'ona viloyati, Qo'qon shahar, Misgarlik ko'chasi, 79-uyda istiqomat qilayotgan Marhabo Rahimova ariza bilan murojaat qildi. Aytishicha, Fuqarolik ishlari bo'yicha Qo'qon tumanlararo sudining 2023 yil 19 apreldagi hal qiluvchi qaroriga ko'ra, fuqaro foydasiga undirilishi belgilangan 3 milliard 814 million 562 ming so'm konpensatsiya mablag'lari Qo'qon shahar hokimligi tomonidan shu kunga qadar to'lab berilmagan.

    Masalani o'rganish maqsadida Marhabo Rahimov xonadida bo'ldik. Qariyb o'n uch yildan buyon bir mojaro ortidan sarson bo'lgan, xaqsizlik iztirobida bemorlik orttirib olgan mushfiq ona, o'z haq-huquqi yo'lida adolat istab yuribdi.

    — O'zim to'quvchi bo'lganman, turmush o'rtog'im esa oshpaz bo'lib ishlagan. Mamlakatimizda tadbirkorlik, ishbilarmonlikni qo'llab-quvvatlash, rag'batlantirish yo'lida amalga oshirilayotgan ishlardan ruhlanib, topgan-tutganimizni jamlab, Qo'qon shahar, Movoraunnahr (sobiq Usta bozor) ko'chasi, 1-uyda umumiy maydoni 9292,0 kv.m bo'lgan joyda avtomobillarga texnik xizmat ko'rsatish shaxobchasi bino va inshootlarini qurdik. 2010 yilda Qo'qon shahar hokimning qaroriga asosan shahar ko'chalarida obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida barcha bino va inshootlarimiz o'rniga boshqa er maydoni ajratib berilishi va'da qilinib, buzib tashlandi.

    Muammo ana shundan keyin boshlandi. Hokimiyat tomonidan va'da qilingan er maydoni uzoq muddatli ovoragarchilik, yugur-yugurlardan so'ng, 2013 yilda echim topgandek bo'ldi. Shahar hokimining, 2013 yil 536-sonli qarori bilan M. Rahimovaga Qo'qon–Farg'ona yo'li bo'yida issiqxona qurish sharti bilan er maydoni ajratib berildi. Bundan ruhlangan oila darhol tegishli xujjatlarni rasmiylashtirib, qurilish boshlayotgan chog'ida erning boshqa egasi boriligi aniqlandi. Er “Universalbank” XATBga tegishli bo'lganligi sabab shahar hokimining qarori sud qarori bilan “haqiqiy emas” deb topilib, bekor qilindi. Rahimova yana hech nimasiz qoldi.

    — Shundan buyon na er, na kompensatsiya berishdi, — deydi Marhabo opa ko'zga ingan yoshlarini artib. — Mavjud muammoni hal etishga amaliy yordam so'rab hokimiyat, huquq-tartibot idoralariga bir necha bor og'zaki va yozma murojaatlar qildim. Hammasi masalaning ijobiy echim topilishiga va'da berishdi. Amalda esa hech narsa o'zgarmadi.

    Marhabo opa adolat istab, nihoyat fuqarolik sudiga murojaat qildi. Da'vogar qayd etgan masalalar yuzasidan olib borilgan uzoq muddatli o'rganishlardan so'ng fuqarolik ishlari bo'yicha Qo'qon tumanlararo fuqarolik sudining 2023 yil 19 aprel` kungi hal qiluvchi qaroriga ko'ra, fuqaro Marhabo Rahimova foydasiga Qo'qon shahar hokimligidan 3 814 562 000 ming so'm undirish haqida qaror qabul qilindi va u tegishli muddat o'tib qonuniy kuchga kirdi.

    Bir qaraganda, masalaga qonuniy echim topildi. Er, mol-mulki buzilgan fuqaroga kompensatsiya undiriladigan bo'ldi. Ammo oradan shuncha vaqt o'tgan bo'lsa-da, sud qarori bilan belgilab berilgan mablag' hanuzga qadar undirib berilmayapti. Nima uchun?

    Asosiy masala shundaki, shahar hokimligi hisob-raqamida buncha miqdorda mablag' yo'qligi bilan bog'lashmoqda mutasaddilar. Fuqaro sud qarori ijrosini ta'minlashda amaliy yordam berishini so'rab Majburiy ijro byurosi Qo'qon shahar bo'limiga ham yuzlandi.

    — Fuqarolik ishlari bo'yicha Qo'qon tumanlararo sudining qarzdor Qo'qon shahar hokimligidan undiruvchi M. A.Rahimova foydasiga mavjud qarzdorlik undirish haqidagi 20.04.2023 yilgi ijro hujjati byuroning Qo'qon shahar bo'limiga 20.05.2023 yilda kelib tushgan va majburiy ijroga qaratilgan, — deydi Majburiy ijro byurosi Qo'qon shahar bo'lim boshlig'i K. Eshonxonov. — Qarzdorning mol-mulkini aniqlash maqsadida “MIB PORTAL” elektron dasturi orqali so'rovnoma yuborilgan va olingan javoblarda qarzdorga tegishli bo'lgan barcha mol-mulklarga taqiq solingan. Ijro hujjati ijrosini ta'minlash uchun Qo'qon shahar hokimligiga tegishli tartibda aloqa xatlari yuborilgan. Qo'qon shahar g'aznachilik bo'linmasi tomonidan shahar hokimligining barcha byudjetdan tashqari rivojlantirish jamg'armalari shaxsiy hisob raqamlarining chiqish qismiga taqiq qo'yilgan bo'lib, qarzdordan kompensatsiya pullarini undirish choralari ko'rilmoqda. Lekin pul mablag'lari to'lanmayapti. U kelib tushsa, haqdorning hisobiga o'tkazib beramiz...

    Farg'ona viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi esa ushbu qarzdorlikni qoplash yuzasidan Qo'qon shahar hokimligi tomonidan viloyat hokimligi huzuridagi markazlashtirilgan jamg'arma kuzatuv Kengashiga asoslantirilgan hujjatlar bilan murojaat etmaganligini iddao qilish bilan birga, markazlashtirilgan jamg'arma qoldiq mablag'lari bor-yo'g'i 0,5 million so'mni tashkil qilayotganligini bayon qilmoqda. Shunday qilib, hokimiyat jabrlanuvchiga “jamg'arma”lar pul ajratsa beramiz, deyishdan nariga o'tgani yo'q. Majburiy ijro tomonidan xatlovga olingan avtomashina va mol- mulklarni sotuvga qo'yishni hech kim xohlamayotgan ko'rinadi.

    Xullas, gap ko'p, amalda esa hech narsa o'zgargani yo'q. Marhabo Rahimova sud qarori doirasida o'ziga etkazilgan zararni undirib olguncha Qo'qon shahar hokimiyati, majburiy ijro byurosi, g'aznachilik o'rtasida ko'p va xo'p sarson bo'ladigan ko'rinadi.

    Rasuljon KAMOLOV,

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri