Sud xodimlari Konstitutsiya bayramiga bag'ishlab diktant yozishdi

    Mazkur ijodiy-ma'rifiy tadbir O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan sana munosabati bilan uyushtirildi.

    Namangan viloyati sudi hamda viloyat ma'muriy sudi xodimlari o'rtasida "Mening Konstitutsiyam 31 yoshda" shiori ostida "Mening Konstitutsiyam va davlat tilim" mavzusida ommaviy diktant o'tkazildi.

    Namangan yuridik texnikumida tashkil etilgan diktant yozish jarayonlarida sud apparatining mas'ul mutaxassislari, sudya yordamchilari qatnashishdi.

    Diktant matnida Asosiy Qonunimiz mazmun-mohiyati, uning davlat va jamiyat hayotida tutgan ahamiyati ifodalangan bo'lib, tajribali filologlar tomonidan o'qib berildi.

    Yakunda diktantlar tekshirilib, jumlalar-so'zlarni huquqiy-imloviy jihatdan bexato, husnixat bilan bitgan sud tizimi faollari aniqlandi va rag'batlantirildi.