Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi va prokuratura organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand viloyatining Urgut tumanida faoliyat yurituvchi advokatning noqonuniy harakatiga chek qo‘yilgan. U mansabdor tanishlari orqali Jizzax viloyatidagi manzil-koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumning jazo muddatini qisqartirib berish evaziga uning yaqininan 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida faoliyat yurituvchi yana bir advokat jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudida himoyachi sifatida ishtirok etib, mansabdor tanishlari orqali sudlanuvchiga yengilroq jazo tayinlanishiga yordam berishini aytgan. Buning evaziga u sudlanuvchining o‘g‘lidan 2 ming AQSh dollari talab qilgan va tezkor tadbir davomida so‘ralgan mablag‘ni olayotgan vaqtida ushlangan.

Hozirda har ikki advokatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.