Sudga kelgan har bir fuqaro adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak

    Fikr 10 Iyul 2020 2037

    Davlatimiz rahbari raisligida 30-iyun kuni boʻlib oʻtgan odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida oldimizda turgan muhim yoʻnalishlar belgilab berildi.

    Sud organlari, sudyalar qonunga, odillik tamoyillariga qatʼiy amal qilib, oʻz vazifasini halol va vijdonan ado etsagina odamlarda adolat qoʻrgʻoniga ishonch uygʻonadi. Yurtimizda tizimdagi islohotlardan koʻzlangan maqsad ham odil sudlovni taʼminlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

    Suddagi raqamlarni osonlik bilan aytish juda mushkul.Ularning har biri ortida inson taqdiri, shaʼni va qadr-qimmati yotibdi. Muhimi, adolatli qarorlar tufayli qanchadan-qancha koʻngillar obod boʻladi, xonadonlarga shodlik qaytadi, ota-onalar va farzandlar yuzlariga tabassum yuguradi...

    Fargʻona viloyat maʼmuriy sudlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davri davomida 14 ming 609 nafar shaxsga nisbatan 11 ming 422 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib tamomlangan. Shundan 8 ming 144 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy jazolar qoʻllanilgan, 4 ming 24 nafar shaxsga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 33-moddasini qoʻllab, qonunda nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq jazo tayinlangan. 1 ming 249 nafar huquqbuzarlik sodir qilgan shaxslar ogohlantirish bilan kifoyalanib, ularga nisbatan yuborilgan maʼmuriy ishlar tugatilgan, 380 nafar shaxslar tomonidan sodir qilingan huquqbuzarliklarning oqibatlari bartaraf qilinganligi uchun maʼmuriy ishlar tugatilgan. 4648 nafar shaxsga nisbatan 3913 ta maʼmuriy ishlar sayyor sud majlislarida koʻrilgan.

    Karantin qoidalariga rioya etish har bir fuqaroning burchidir. Afsuski, oramizda unga amal qilmay, qonunni buzayotganlar ham uchrab turibdi. Mazkur davrda maʼmuriy sudlar tomonidan karantin qoidalarini buzgan 384 nafar shaxsga nisbatan 285 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilib, huquqbuzarlarning 325 nafariga maʼmuriy qamoq, 56 nafariga esa jarima jazolari tayinlangan. Huquqbuzarlik sodir qilgan shaxslarning 17 nafarini ayollar tashkil qiladi.

    Tizimda shaffoflik va ochiqlik muhim ahamiyatga ega. Sud raislarining xalq deputatlari mahalliy kengashlarida axborot berishining yoʻlga qoʻyilganligi ham islohotlarning samarasidir. Davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida aholi tomonidan koʻtarilgan adolatsizlik holatlari va muammolar har chorakda mahalliy kengashlarda tanqidiy muhokama qilinishi har bir rahbarni masʼuliyatini oshiradi. Ayniqsa, bunda sud sohasining xodimlari zimmasida muhim vazifalar bor. Haqiqat va adolat borligini har bir yurtdoshimiz tushunib, ishonishi uchun fidoiylik bilan mehnat qilishimiz kerak.

    Sud jazolovchi emas, balki insonlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qiluvchi organga aylanayotganini alohida taʼkidlash shart. Agar xato qilgan fuqaroga imkon berilsa, oʻzining hayot yoʻlini izga sola olishi mumkin. Biz sudyalar ish faoliyatimizda inson omilini ham eʼtibordan chetda qoldirmasligimiz kerak. Misol uchun, huquqbuzar M.I joriy yil 4-mart kuni soat 14:30 larda kelini S.I.ning yashash xonadoniga borib, u bilan oʻzaro oilaviy kelishmovchilik natijasida janjallashib, uni shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi soʻzlar bilan soʻkib haqorat qilgan.

    Mazkur maʼmuriy ish Quvasoy shahar maʼmuriy sudi tomonidan koʻrib chiqilib, huquqbuzar M.I.ga jazo tayinlashda ishdagi ogʻirlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni, iqrorligi va qilmishidan pushaymonligi, jabrlanuvchining unga nisbatan daʼvosi yoʻqligi, huquqbuzarlik oʻzaro oilaviy kelishmovchilik natijasida kelib chiqqanligi inobatga oldi.Sodir etilgan huquqbuzarlik kam ahamiyatli deb hisoblanib, maʼmuriy javobgarlikdan ozod etilib, ogohlantirildi. Bu unga albatta saboq boʻldi. Sud korpusi xalqimizning dardi bilan yashab, ularning ishonchini qozonmas ekan, xalqning yuqori bahosini olmas ekan, sudyalarimiz faoliyatining samarasi boʻlmaydi.

    Prezidentimiz “hamma rahbarlar qulogʻiga quyib olsin: sud faoliyatiga aralashishga hech kimning haqqi yoʻq”, deya alohida taʼkidladi. Mana shuning oʻzi ham mamlakatimizda qonun ustuvor ekanligidan, odil sudlovni taʼminlash yoʻlida jiddiy qadamlar tashlanganidan dalolatdir.

    Oʻktamjon Poʻlatov,

    Fargʻona viloyat maʼmuriy sudi raisi

    vazifasini bajaruvchi.

    Mahkamjon Abdubannabov,

    Quvasoy shahar maʼmuriy sudining raisi