Maʼlumotnomalar eksterritorial tamoyil asosida taqdim etilishi, xizmat muddatining sezilarli darajada qisqarishi, turli zarur maʼlumotlarni bir joydan, yaʼni Davlat xizmatlari markazlaridan olish imkoniyati fuqarolarga ancha qul keldi deb aytish mumkin.
Masalan, joriy yilda Qashqadaryo viloyatidagi DXM lar tomonidan shu kunga qadar sudlanmaganlik/sudlanganlik maʼlumotnomasi olish uchun 15077 ta ariza kelib tushgan.
2020-yilning 8-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining “Sudlanganlik haqida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi 364-son qarori qabul qilinib, mazkur qaror bilan sudlanganlik haqida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatish tartibiga bir qator oʻzgartirishlar kiritildi.
Demak, bu oʻzgartirishlar toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot beramiz:
1 – oʻzgartirish.
Reglamentning 1 – bandida keltirilgan “jismoniy shaxslar bu xizmatdan foydalana oladi” degan jumlaga aniqlik kiritilib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan birga Oʻzbekiston hududida doimiy yashovchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami mavjud boʻlgan chet el fuqarolari (shu jumladan MDH davlatlari fuqarolari) hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga koʻrsatish mumkinligi belgilab qoʻyildi.
2 – oʻzgartirish.
Reglamentning 2-bandida Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va viloyat boshqarmalarining Axborot markazi endilikda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-maʼlumotlar boshqarmasiga oʻzgarganligi sababli, Reglamentda ushbu davlat xizmatini koʻrsatish uchun vakolatli organ sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-maʼlumotlar boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlinmalarini qayd etilgan.
3 – oʻzgartirish.
Reglamentning 6-bandida uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda soʻrovnomaga notarial tasdiqlangan ishonchnoma ilova qilinadi deb belgilab qoʻyilgan edi. Hattoki, advokatlar tomonidan uchinchi shaxs manfaati uchun shartnoma yoki order asosida maʼlumotnoma soʻralgan holatda ham notarial tasdiqdangan ishonchnoma talab etilgan.
Bu ortiqcha qogʻozbozlik va sarsongarchilik yangi tartib boʻyicha bekor qilindi. Endilikda, uchinchi shaxs manfaati uchun shartnoma (order) asosida advokatlar tomonidan murojaat qilinganda notarial tasdiqlangan ishonchnoma talab etilmaydi.
DXA Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Axborot xizmati









