Farmonga koʻra, 2021-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilar joriy etiladi: 

sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish institutini tugatish, Oʻzbekiston Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlarining sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqini bekor qilish;

jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibini belgilash, jinoyat ishining umumiy tartibda koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichini kiritish;

quyidagi tartiblarni joriy etish:

tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oliy sudning sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish;

apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini Oliy sudning sudlov hayʼatlari tomonidan

kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish;

Oliy sud sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ular oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish;

davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga koʻra jinoyat ishini tugatish;

prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori boʻyicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud boʻlgan holdagina, suddan chaqirib olib oʻrganish;

qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qoʻzgʻatilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning koʻrilishida prokuror oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish.