Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning dolzarb masalalari

    Fikr 7 Sentabr 2020 6825

    Soʻnggi yillarda jadal surʼatlar bilan rivojlanish yoʻlidan borayotgan respublikamizda fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini toʻlaqonli taʼminlash asosiy vazifa sifatida belgilanib, davlatimiz rahbari tomonidan milliy qonunchilik orqali ushbu vazifani amalga oshirish yoʻnalishlari huquqiy mustahkamlanmoqda.

    Aniqki, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini toʻlaqonli taʼminlashda sudlar faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Shu sababli taraqqiy etgan davlatlar qatoridan munosib oʻrin egallashni maqsad qilgan respublikamizda boshqa sohalar qatorida sudlov tizimi ham samarali isloh qilinmoqda. Ayni paytda sud tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiyalar infratuzilmasini yaratish, axborot resurslari va axborot tizimlarini ishlab chiqish, elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etish hamda sud organlari veb-saytlari orqali fuqarolarga interfaol xizmatlarni koʻrsatish respublikamizda sud organlarida amalga oshirilayotgan innovatsiyalarning asosini tashkil etadi. Shuningdek, sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishdan koʻzlangan asosiy maqsad sudlar faoliyatining ochiqligini, shaffofligini va tezkorligini taʼminlash, sudlarda ish yuritish sifatini va aholining odil sudlovga erishish darajasini oshirishdan iborat.

    Yildan yilga rivojlanib borayotgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ulardan har qanday tizimda foydalanish koʻplab qulayliklar yaratishini isbotladi. Sudlov faoliyatiga ham bunday texnologiyalarning joriy etila boshlangani fuqarolarning sud bilan bogʻliq ishlarini tez va qulay, ortiqcha sarsongarchiliksiz amalga oshirish imkonini bermoqda. Albatta, ushbu qulayliklarning yaratilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017-yil 30-avgustda qabul qilingan “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini alohida koʻrsatib oʻtish lozim. Ushbu qaror asosida sudlar faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash bilan bogʻliq masalalarda koʻplab ijobiy oʻzgarishlarga erishildi. Jumladan, sudlarga masofadan turib murojaat qilish, videokonferensaloqa tizimidan foydalanish orqali sud majlisida ishtirok etish, sudlar tomonidan koʻriladigan ishlarni sudyalar oʻrtasida avtomatik taqsimlash, sud yakuniy xulosalarini internet tarmogʻida jamoatchilik eʼtiboriga havola etish hamda ijro hujjatlarini axborot texnologiya vositalaridan foydalanib elektron shaklda yuborish shular jumlasidan.

    Ushbu oʻzgarishlarninig ijobiy natijasini yana-da mustahkamlash, sudlov faoliyatini yana-da takomillashtirish va unga zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarini keng joriy etish maqsadida 2020-yil 3-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda sudda ishlarni koʻrib chiqish jarayonida vazirlik va idoralar bilan maʼlumot almashinuvi asosan qogʻoz shaklida amalga oshirilayotganligi taʼkilandi. Oʻz oʻzidan bunday tartibning amalda boʻlishi koʻrilayotgan ish boʻyicha yakuniy qaror chiqarish uchun koʻproq muddat talab etib, sudlar tomonidan nizoli vaziyatlarni tezroq hal etish hamda sud tomonidan koʻrib chiqiladigan ishlar hajmining koʻpayib ketishini oldini olishga toʻsqinlik qilmoqda. Bundan tashqari, mazkur qaror asosida sudlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga koʻrsatiladigan interaktiv xizmatlar turini kengaytirish ham nazarda tutildi.

    Yuqoridagi holatlarni bartaraf etish maqsadida ushbu hujjat bilan sudlar faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichdagi vazifalari belgilandi. Xususan, fuqarolar va tadbirkorlarga keng imkoniyat va erkinlik yaratish uchun ularga koʻrsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlari kengaytiriladi, har bir murojaatni koʻrib chiqish jarayonini onlayn kuzatib borish taʼminlanadi, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyati joriy etiladi, shu bilan bir qatorda sudyalar hamjamiyati faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida maxsus axborot dasturlari joriy etiladi. Qarorda taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyatini yaratish ham belgilangan boʻlib, bu fuqarolarning vaqtini tejab, qoʻshimcha qulaylik yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

    Shuningdek, qaror asosida 2020-2023-yillarda quyidagi sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi tasdiqlandi:

    2021-yil 1-yanvardan sudlarda sud majlisini taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlisi bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish;

    2021-yil 1-iyuldan apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar oʻrtasida avtomatik ravishda taqsimlash;

    2021-yil 1 oktabrdan barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida SMS xabar orqali bepul asosda xabardor qilish;

    2022-yil 1-yanvardan sud qarorlarini taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi boʻyicha esa qogʻoz shaklida taqdim etish;

    2022-yil 1-iyulga qadar sudlar faoliyatida, shu jumladan, fuqarolar va tadbirkorlarga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish;

    2023-yil 1-yanvardan sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish;

    sudlar, Sudyalar oliy kengashi hamda Sudyalar oliy maktabida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yana-da yaxshilash.

    Mazkur qaror asosida sudlarning axborot tizimlarini davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish boʻyicha ham muayyan vazifalar belgilangan boʻlib, yaqin 3 yil ichida yuqoridagi ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish sudlov faoliyati samaradorligini oshirish va eng asosiysi, sudga murojaat qilgan fuqarolarga bir necha qulayliklar yaratishi shubxasiz.

    Qarorga koʻra, sudlar faoliyatida axborot almashinuviga alohida eʼtibor berilayotganin koʻrishimiz mumkin. Jumladan, 2022-yil 1-yanvardan sudlar faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarni beruvchi “Adolat” axborot tizimlari kompleksi joriy etiladi:

    davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga daʼvo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish;

    manfaatdor shaxslar tomonidan daʼvo, ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish;

    sud majlisi ishtirokchilari tomonidan maʼlumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish;

    sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimidan foydalangan holda avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish.

    Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dastur ham ishlab chiqiladi.

    Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Ichki ishlar vazirligi, axborot tizimlarini ishlab chiqish hamda ularning axborot va kiberxavfsizligini taʼminlash masalasida “UNICON.UZ” fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi” davlat unitar korxonasi va boshqa davlat organlari zimmasiga qator vazifalar yuklatildi.

    Soʻnggi yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatida amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlar ularning davlat boshqaruvi, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi oʻrnini yana-da mustahkamladi. Fuqarolarning sudlar faolyatiga nisbatan ishonchini oshirish, ularni rozi qilish asosiy maqsad ekanligi inobatga olinib, qonunchilikda ham shu yoʻnalish boʻyicha ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qaror ham sudlar faoliyatini yana-da takomillashishiga, fuqarolar muammolarini osonlik bilan hal etilishiga zamin yaratadi. Barchamizga maʼlumki, ushbu oʻzgarishlarning amalda toʻlaqonli ijro etilishi qarordan koʻzlangan aniq maqsadga yetishda muhim hisoblanadi. Buning uchun avvalo, fuqarolar ham mazkur oʻzgarishlar bilan tanishib, oʻz huquqlarini bilgan holda qaror ijrosini amalga oshirishda ishtirok etishi lozim. Ishonamizki, bu kabi oʻzgarishlar sud hokimiyatini fuqaro huquqlarini himoya qilishdagi rolini yana-da oshiradi.

    Saddam QODIRALIYEV,

    TDYUU sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi oʻqituvchisi