Qaror bilan sudlar faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichdagi vazifalari belgilandi.
Jumladan, fuqarolar va tadbirkorlarga koʻrsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlari kengaytiriladi, har bir murojaatni koʻrib chiqish jarayonini onlayn kuzatib borish taʼminlanadi, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Qaror bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020-2023-yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi tasdiqlandi:
- 2021-yil 1-yanvardan sudlarda sud majlisini taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlisi bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish;
- 2021-yil 1-iyuldan apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar oʻrtasida avtomatik ravishda taqsimlash;
- 2021-yil 1-oktyabrdan barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilish;
- 2022-yil 1-yanvardan sud qarorlarini taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi boʻyicha esa qogʻoz shaklida taqdim etish;
- 2022-yil 1-iyulga qadar sudlar faoliyatida, shu jumladan, fuqarolar va tadbirkorlarga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish;
- 2023-yil 1-yanvardan sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish;
- sudlar, Sudyalar oliy kengashi hamda Sudyalar oliy maktabida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yana-da yaxshilash.
Qarorga koʻra, 2022-yil 1-yanvardan sudlar faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarni beruvchi “Adolat” axborot tizimlari kompleksi joriy etiladi:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga daʼvo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish;
manfaatdor shaxslar tomonidan daʼvo, ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish;
sud majlisi ishtirokchilari tomonidan maʼlumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish;
sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimidan foydalangan holda avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish.
Shuningdek, 2020-yil yakuniga qadar sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dastur ishlab chiqiladi.