Sudyalar oliy kengashi Botir Qodirov va Joʻrayevlar oilasini ish boʻyicha turli bayonotlar berishdan tiyilishga chaqirdi

    Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, fuqarolik ishlari boʻyicha Uchtepa tumanlararo sudida daʼvogar B. Qodirovning Joʻrayevlarga nisbatan “otalik faktini belgilash”ga oid fuqarolik nizosi koʻrib chiqilmoqda.

    Maʼlum qilinishicha, fuqarolik nizosi taniqli shaxslar oʻrtasida kechayotgani hamda marhum va mashhur inson hayoti bilan bogʻliqligi bois voqealar rivoji keng jamoatchilik tomonidan katta eʼtibor bilan kuzatilayotgani, ayni jarayonda ish boʻyicha taraflarning holatiga tushunish bilan munosabatda boʻlish mumkin.

    Biroq nizo sudlashish darajasiga yetib, protsessual jarayonlar davom etayotgan bir paytda taraflar (yoki ularning vakillari) tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

    Tarmoqlardagi muhokamalarda hali yakuniga yetmagan ish boʻyicha turli bashoratlarga berilishlar, suddan avval “qaror chiqarib qoʻyish” holatlari mavjud, eng yomoni, nizo sudda xolis va begʻaraz koʻrilishiga asossiz shubhalar ham bildirilmoqda. Bularning hammasi sudga nisbatan ijtimoiy bosim paydo qilayotganiga taʼkid shart emas.

    Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati, mavjud vaziyatdan kelib chiqib, ish boʻyicha taraflarni turli shakl va koʻrinishda bayonot berishdan tiyilishga, jurnalist va blogerlarni esa shaxsga oid maʼlumotlar hamda sud ishiga doir axborotlarni tarqatishdek nozik va hassos masalaga masʼuliyat bilan yondoshishga chaqiradi.