Sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti boʻyicha kasbga munosibligini baholashga koʻmaklashuvchi elektron dasturni ishlab chiqish va joriy qilish hamda sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni taʼminlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish vazifasi ham bor edi.
Sud tizimiga yetarli bilim va hayotiy tajribaga ega boʻlgan munosib kadrlarni tanlash va lavozimga tayinlash hamda sudyalar faoliyatini xolis baholash jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmaganligi bu boradagi ishlar shaffofligining yetarlicha taʼminlanmay qolishiga sabab boʻlmoqda. Sud hokimiyati tizimida korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni chuqur oʻrganish va tahlil qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimini samarali yoʻlga qoʻyish talab etilmoqda.
Sud tizimini malakali va halol pok kadrlar bilan toʻldirish, sud organlarining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining sud hokimiyatiga boʻlgan ishonchini yana-da oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi PF-5729-son farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2020-yil 7-dekabrdagi PF-6127-son farmoni qabul qilingan edi.
Mazkur hujjatga asosan, sudyalar mustaqilligini taʼminlash va sud tizimida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:
- sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish boʻyicha kasbiy faoliyatini har qanday koʻrinishdagi tashqi taʼsirlardan samarali muhofaza qilishni taʼminlaydigan huquqi mexanizmlarni yaratish;
- sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek, sudyalar faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflikni taʼminlash, ushbu jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil joriy qilish;
- sudyalar va sud apparati xodimlari orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimni yoʻlga qoʻyish hamda sud tizimida aniqlangan har qanday korrupsiyaviy harakatni murosasiz holat deb baholash;
- sudyalarning kasbiy malakasi, maʼnaviyati va masʼuliyatini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali yuksak professional sudyalar korpusini shakllantirish.
Shu bilan birga mazkur farmon bilan Sud hokimiyati mustaqilligini yana-da kuchaytirish, sudyalar daxlsizligini taʼminlash hamda tizimda korrupsiyaning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlangan. Chora-tadbirlar rejasi 6 ta yoʻnalishdan iborat boʻlib, sudyalarning daxlsizligini taʼminlash va tizimda korrupsiyaning oldini olish, malaka hayʼatlarini qaytadan shakllantirish, sudyalik lavozimlariga tanlovning oshkoraligi va ochiqligini taʼminlash, sudyalar faoliyatini baholash mezonlarini takomillashtirish, sudyalar va sud faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish hamda sudyalik lavozimiga tayinlashga oid qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan tadbirlardan iboratdir.
M.Muhitdinov,
D.Xayrullayeva,
Toshkent tumanlararo
iqtisodiy sudi sudyalari









