Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Urgut tuman boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazildi.
Tekshiruvda “M.V.” fermer xoʻjaligi rahbari N.M. va boshqalar xoʻjalikka ijara shartnomasi asosida ajratilgan sugʻoriladigan ekin yer maydonida oʻzboshimchalik bilan uy-joy va boshqa qurilishlarni amalga oshirgani oqibatida 21 sotix yer maydoni yaroqsiz holatga kelib, davlat va jamiyat manfaatlariga 255,5 mln soʻm zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Denov tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro Y.D. “Nuriston” mahallasi hududida zaxiradagi 10 sotix sugʻoriladigan ekin yer maydonini egallab olib, jami 96 kv. metrli uy-joy qurganligi aniqlangan.
Oltinsoy tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro O.O. “F.Q.” fermer xoʻjaligiga tegishli 10 sotix sugʻoriladigan ekin yer maydonini egallab olib, 64 kv. metrli uy-joy qurish uchun beton poydevor va gʻisht terish ishlarini amalga oshirganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.