S.Umurzakov Qozogʻiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.Sklyar bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 5 Dekabr 2021 1262

    Oʻzbekiston va Qozogʻiston investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va mintaqalararo hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

    Nur-Culton shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Qozogʻiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.Sklyar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuv chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat va hududlararo hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirishning istiqbollari muhokama qilindi.

    Tomonlar Oʻzbekiston-Qozogʻiston iqtisodiy sherikligini rivojlantirish jadal kechayotganini taʼkidlab, yangi qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishga qiziqish bildirdilar.

    Alohida loyihalar amalga oshirilishi batafsil oʻrganildi, mavjud masalalarni hal etish mexanizmlari ishlab chiqildi va ularni oʻz vaqtida joriy etishga amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha navbatdagi qadamlar belgilandi. Kelishilgan vazifalarni bajarish hamda istiqbolli sohalardagi hamkorlikni izchil kengaytirish uchun yaqin muloqotni rivojlantirish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qozogʻiston Respublikasiga boʻlajak tashrifiga tayyorgarlik koʻrish masalalari koʻrib chiqildi. Mazkur tadbir ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar rivojiga yangi turtki berishi kutilmoqda.

    Muloqot chogʻida tomonlar oʻzaro munosabatlarning iqtisodiy kun tartibining muhim qismi sifatida hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdilar. Har yili oʻtkaziladigan Hududlararo hamkorlik forumlarida erishilgan oʻzaro kelishuvlarning amalga oshirilishining monitoringini olib borish, investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish boʻyicha ikki mamlakatning chegara hududlari maʼmuriyatlari oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirishga kelishildi. Yaqin vaqtda 2022-yil uchun ikki tomonlama hududlararo hamkorlikning alohida dasturlarini ishlab chiqishga kelishib olindi. Dasturlar rejalashtirilayotgan qoʻshma tadbirlar, tarmoq koʻrgazmalari, biznes-forumlar va savdo missiyalari roʻyxatini oʻz ichiga oladi. Oʻz navbatida, tadbirlardan maqsad ikki mamlakat hududlari ishbilarmonlari oʻrtasida bevosita hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda qoʻshma loyihalar va savdo shartnomalari sonini oshirishdir.

    Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni roʻyobga chiqarish hamda oʻzaro manfaatli munosabatlarning yangi yoʻnalishlarini belgilash boʻyicha kelgusidagi hamkorlikning shakllari yuzasidan kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.