Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari fintex (moliyaviy texnologiyalar) bozorining asosiy yoʻnalishi sifatida sunʼiy intellektning rivojlanish tendensiyasini tahlil qildi.
Fintexdagi sunʼiy intellekt bozori hajmi 2023-yilda 42,8 milliard dollarga teng boʻladi, deb baholanmoqda. Ushbu koʻrsatkich 2028-yilga borib, 49,4 milliard dollarga, 2031-yilga borib esa 61,3 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Sunʼiy intellektdan foydalanish boʻyicha dunyodagi bugungi jarayon:
▪️ mijozlar toʻgʻrisida katta hajmdagi maʼlumotlarini qayta ishlash;
▪️ veb va mobil ilovalarda, mijozlarning real vaqt tartibida xatti-harakatlarga oid maʼlumotlar asosidagi mahsulotlarga moyilligini oldindan bilish;
▪️ chat-botlarda, bazaviy xizmatlarni avtomatlashgan tizim orqali koʻrsatish.
Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha dastur va tajriba loyihalari roʻyxati qabul qilingan. Unda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratilgan:
➖ bank sohasida tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish samaradorligini oshirish;
➖ moliyaviy sohada byudjet xarajatlari, nafaqalar, ijtimoiy va sugʻurta toʻlovlari, shuningdek, boshqa toʻlovlar samaradorligini tahlil qilish;
➖ soliq sohasida soliq tushumlarini tahlil qilish;
➖ elektron hukumat sohasida hukumat va moliyaviy xizmatlar koʻrsatishda foydalanuvchilarni masofaviy biometrik identifikatsiya qilish va boshqalar.
Sunʼiy intellektdan foydalangan holda raqamli xizmatlarning yangi turlarini rivojlantirish imkoniyatlari:
- Mahalliy tilda mijozlarni qoʻllab-quvvatlash. Mijozlarga samarali yordam koʻrsatish uchun sunʼiy intellekt tomonidan boshqariladigan chat-botlar va virtual yordamchilar oʻzbek tiliga oʻtkazilishi mumkin.
- Kredit ajratishda katta maʼlumotlarni (Big Data) tahlil qilish. Sunʼiy intellekt kichik va oʻrtacha kattalikdagi korxonalarning kreditga layoqatliligini baholash va kredit boʻyicha qarorlarni qabul qilishda yordam berish uchun keng koʻlamli maʼlumotlarni tahlil qilishi mumkin.
- Sunʼiy intellekt fermerlarga moslashtirilgan moliyaviy mahsulotlarni taqdim etishda yordam beradi. Masalan, ekinlar hosildorligini baholash va sugʻurta yoki kredit mahsulotlarini taqdim etishda sunʼiy yoʻldosh tasvirlari va ob-havo maʼlumotlaridan foydalanish mumkin.
- Normativ muvofiqlik. Sunʼiy intellekt muvofiqlik vazifalarini avtomatlashtirishda yordam beradi va moliyaviy institutlar tartibga solish talablariga muvofiqligini taʼminlaydi.
- Moliyaviy sektorning boshqa yoʻnalishlari (sugʻurta, nafaqa jamgʻarmalari, qimmatli qogʻozlar bozori va boshqalar) da sunʼiy intellektdan foydalanish samaradorlikni oshiradi va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan risklarni (risklarni boshqarish) kamaytiradi.









