Sun'iy intellekt: muammo va echimlar

    Sun'iy intellekt hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Buning ajablanarli joyi yo'q. Chunki, kundalik aqlli qurilmalarning qariyb 80 foizi o'zida sun'iy intellektning qandaydir ko'rinishini ifodalaydi.

    Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan “ICTWEEK — 2023” haftaligi doirasida “Sunʼiy intellekt kelajagi va global integratsiya” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro sammitda sunʼiy intellekt texnologiyalari va ularni tadbiq etish boʻyicha eng soʻnggi xalqaro tajribalar oʻrtoqlashildi.

    Anjuman doirasida yetakchi xorijiy kompaniyalar va mamlakatlarning raqamli texnologiyalari va sunʼiy intellektni amaliyotga joriy etishdagi tajribasi, erishilgan yutuqlar, kuzatilgan muammolar, ushbu yoʻnalishdagi istiqbolli loyihalar va imkoniyatlar muhokama qilindi.

    “Sunʼiy intellekt kelajagi va global integratsiya” mavzusidagi xalqaro sammit yuzasidan xorijlik va mahalliy ekspertlar fikrini yozib oldik”

    Sunʼiy intellektni tartibga solish

    Elvira Chache, Sberbank, Sunʼiy intellektni tartibga solish markazi ijrochi direktori:

    — Bugungi kunda sunʼiy intellektni (SI) tartibga solish muhim va rivojlanayotgan mavzudir. Shu nuqtayi nazardan xalqaro sammitda “Sunʼiy intellekt tizimlarini tartibga solishning meʼyoriy, axloqiy normalarini ishlab chiqarish” mavzusida taqdimot qildik. SI texnologiyasi rivojlanib borar ekan, undan masʼuliyatli va xavfsiz foydalanishni taʼminlash uchun axloqiy meʼyorlar va qonunchilik asoslarini yaratish zarurati paydo boʻladi. Xususan, SI texnologiyalaridan foydalanishda bir necha tavsiyalarga amal qilish orqali har bir mamlakatning axborot xavfsizligini taʼminlash mumkin.

    Axloqiy tamoyillar:

    SI tizimini tartibga soluvchi qoidalar inson farovonligi, adolatlilik, oshkoralik va shaxsiy daxlsizlikni asoslanishi kerak.

    Maʼlumotlarning maxfiyligi va xavfsizligi:

    ushbu qoidalar SI tizimlarida maʼlumotlarni toʻplash, saqlash va ulardan foydalanishga qaratilgan boʻlib, shaxsiy maʼlumotlarning himoyalanganligi va masʼuliyatli tarzda ishlatilishini taʼminlashi kerak. Shuningdek, maʼlumotlar buzilishi va ruxsatsiz kirishdan himoya qilish uchun kiberxavfsizlik choralariga alohida urgʻu berishi lozim.

    Xavfsizlik va javobgarlik: mazkur qoidalar SI tizimlarining xavfsizlik va javobgarlik jihatlariga, xususan, sogʻliqni saqlash, transport vositalari va iqtisodiyot kabi muhim sohalarga tegishli boʻlishi zarur. SI tizimlari sabab boʻlishi mumkin boʻlgan baxtsiz hodisalar yoki zararlar uchun ishlab chiquvchilar, operatorlar va foydalanuvchilar oʻrtasida javobgarlikni taʼminlaydigan aniq koʻrsatmalar belgilanishi kerak.

    Umuman olganda joriy etilishi kerak boʻlgan qoidalar innovatsiyalarni ragʻbatlantirishi va SIdan axloqiy meʼyorlarga asoslangan holda foydalanishni taʼminlash oʻrtasidagi muvozanatni saqlashi zarur.

    “NUWA” taʼlim yechimlari

    Leo Guo, Foxconn Industrial Internet bosh menejeri:

    — “NUWA” hozirda SI texnologiyasiga asoslangan maishiy xizmat koʻrsatuvchi robotlarni ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniya hisoblanadi. Xususan, bugungi kunda tashkilotimizning asosiy maqsadi biznes va taʼlimni rivojlanishiga turtki boʻladigan dunyodagi eng arzon robotlarni ishlab chiqarishdir. Biz “Sunʼiy intellekt kelajagi va global integratsiya” mavzusidagi xalqaro sammitga innovatsion taʼlim yechimlariga bagʻishlangan taqdimotimiz bilan qatnashdik. Xususan, ushbu sammitda ishtirok etishdan maqsad kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan robotlarni namoyish qilish. Shuningdek, talabalar uchun taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan bir qator IT mahsulotlari va xizmatlarni taqdim qilishdan iborat. Sammitda ishtirok etish biz uchun oʻzaro tajriba yangi hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga keng yoʻl ochmoqda. Oʻylaymizki, mamlakatimizda taʼlim tizmini rivojlantirishda 600dan ortiq maktablarda foydalanilayotgan SI tizimga asoslangan robototexnika vositalarimiz Oʻzbekistonda ham samarali natijalar berishi shubhasiz.

    “Raqamli transformatsiyani tezlashtirish uchun Pangu SI modeli”

    Pavel Vishnyakov, Huawei Bulutli yechimlar katta arxitektori:

    Huawei axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) uchun qurilmalar va yechimlar hamda intellektual uskunalarni dunyo boʻyicha yetakchi taʼminotchisi hisoblanadi. Ushbu “Sunʼiy intellekt kelajagi va global integratsiya” sammitda qatnashishimizdan asosiy maqsad, sunʼiy intellekt bilan yuqori aniqlikdagi 3D prognozlarini aniqlash hamda “Pangu Multimodel” modeli samarali moda dizaynni namoyish qilish orqali soha mutaxassislari fikrlarini oʻrganishdan iborat. Bizning Ushbu “Raqamli transformatsiyani tezlashtirish uchun “Pangu” SI modeli” nomli taqdimotimiz barcha ishtirokchilarga hamda tashrif buyurgan talaba yoshlarga maʼqul keldi, deb oʻylayman.

    “Media asrida sunʼiy intellekt: yangi muammolar va imkoniyatlar”

    Tohir Umarov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzuridagi PR-markazi boshligʻi

    — Bugungi kunda sunʼiy intellekt texnologiyalari bir qancha sohalarda qulay imkoniyatlarni yaratish bilan birga muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Xususan, “Media asrida sunʼiy intellekt: yangi muammolar va imkoniyatlar” deya nomlangan taqdimotimizda SI texnologiyasi orqali yaratilgan soxta xabarlar va ularni oldini olishda mediasavodxonlikni oshirish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtdik. Shuningdek, internet platformasida kun sayin axborot xavfsizligiga tahdid solayotgan feyk va dezinformatsiyaga oid maʼlumotlar sonining ortib borishi medisavodxonlikning auditoriya oldidagi asosiy vazifalarini belgilashni talab qiladi. Fikrimizcha ushbu sammit doirasida aytilgan taklif va mulohazalar yuqorida biz sanab oʻtgan muammolarga yechim boʻlishi mumkin.

    “Sunʼiy intellektning aqilli shaxarlar yaratishdagi oʻrni”

    Abdul Karim Savan, Presight AI vitse-prezidenti:

    — Sunʼiy intellektning aqlli shaharlar yaratishdagi oʻrni va ularning foydali tomonlari haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, avvalo sunʼiy intellektni davlat korxonalariga tadbiq qilib kelayotgan Abu-Dabida joylashgan G42 korxonasining faoliyati bunga yaqqol misol boʻla oladi. SI tizimiga asoslangan “Aqlli shaharlar” platformasi bir qancha yoʻnalishlarda foydali boʻla oladi, masalan: transport tizimlari, sogʻliqni saqlash, taʼlim sohalari, davlat korxonalari. Sunʼiy intellekt boshqaradigan shaharlar foydalanuvchilarning hayot tarzini yaxshilash, xizmatlar sifatini va operatsiyalar samaradorligini oshirish, atrof-muhitga zararli omillarning taʼsirni kamaytirish uchun texnologiya va maʼlumotlardan foydalanadi. Ushbu xalqaro sammit doirasida muhokama qilinayotgan mavzular “Aqlli shaharlar” loyihasini yanada takomillashtirishga sabab boʻldi.

    “Sunʼiy intellekt kelajagi”

    Anvarxoʻja Qodirov, Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy tadqiqot instituti direktori:

    — Xalqaro sammitni tashkil qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad sunʼiy intellekt texnologiyalari va ularni hayotga tatbiq qilish boʻyicha eng soʻnggi xalqaro tajriba bilan tanishish va fikr almashishdan iborat. Xususan, mamlakatimizda SI tizimiga asoslangan texnologiyalarni rivojlantirish va turli sohalarda amaliyotga tatbiq etish yuzasidan IT, robototexnika kompaniyalari hamda ilmiy tadqiqot institutlari bilan oʻzaro hamkorlik memorandumlari imzolanmoqda. Taʼkidlash joizki, institutimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimizda turli soha tarmoqlarini raqamlashtirish va SI texnologiyalarini jadal rivojlanishi shuningdek, xalqaro hamjamiyat uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochishga xizmat qiladi.