Sunʼiy intellekt yordamida kuchli zilzilalarni oʻrta va uzoq muddatga prognoz qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi

    Prezidentning “Seysmik xavfsizlikni taʼminlash hamda seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–184-son, 20.10.2025-y.) qabul qilindi.

    Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan ustuvor yoʻnalishlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

    • madaniy meros obyektlari va transport inshootlarining zilzilabardoshligini monitoring qilish tizimini yaratish;
    • seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini raqamlashtirish va unga sunʼiy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish;
    • qurilish maydonlari uchun zamin gruntlarini oʻrganish va ularning mustahkamligini oshirish choralarini koʻrish.

    Farmonga koʻra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:

    • respublikadagi “A-373” va “M-39” avtomobil yoʻllarida hamda ularga tutash togʻli hududlardan oʻtgan temiryoʻllarda koʻchki sodir boʻlishi ehtimoli yuqori hududlarning doimiy radiolokatsion kosmik monitoringi tashkillashtiriladi;
    • sunʼiy intellekt yordamida seysmik xavf yuqori boʻlgan hududlarda kuchli zilzilalarni oʻrta va uzoq muddatlarda prognoz qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

    Dastlabki bosqichda sunʼiy intellekt yordamida kuchli zilzilalarni oʻrta va uzoq muddatda prognoz qilish Toshkent shahri misolida tashkil etiladi.

    2026-yil 1-martdan boshlab bino va inshootlarning zilzilabardoshlik boʻyicha texnik holati sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilinadi.