Sunʼiy tish va uning salomatlikka taʼsiri qanday?

    Suhbat 21 Sentabr 2020 7922

    Toshkent davlat stomatologiya instituti dotsenti, tibbiyot fanlari doktori Saidazim Murtazayev bilan suhbat.

    – Qanday holatlarda bemorlarga sunʼiy tish qoʻyish tavsiya etiladi?

    – Umuman olganda tish va tish qatori nuqsonlari mavjud boʻlgan barcha bemorlarga sunʼiy tish qoʻyish mumkin. Bundan bemorlarni funksional, yaʼni chaynash, nutq va albatta, estetik nuqsonlari tiklanadi.
    Bemorga sunʼiy tish quyish jarayoni murakkab boʻlib, bunda bemorni umumiy va mahalliy tekshiruvlar asosida olingan natijalarga asoslanib, shifokor ortoped - stomatolog va zarur hollarda stomatologiyaning boshqa yoʻnalishlari mutaxassislari bilan hamkorlikda qaror qabul qilinadi. Shundan soʻng, bemor uchun sunʼiy qoplama turi, xom ashyosi va qancha muddatga qoʻyilishi boʻyicha jarayon olib boriladi.

    – Sunʼiy tishlarning turlari, bir-biridan farqi, narxlari, chidamlilik muddati, inson salomatligiga salbiy yoki ijobiy taʼsiri haqida ham gapirib bersangiz?

    – Sunʼiy tishlar – tish toj qismining turli ichki va tashqi sabablariga koʻra, qisman yoki toʻliq yemirilishida, shuningdek, qatorlarining kichik, oʻrta va katta nuqsonlarni tiklash maqsadida tavsiya etiladi.

    Sunʼiy tishlarning turlari xilma-xil boʻlib, bir biridan maʼlum bir xususiyatlariga koʻra farqlanadi. Masalan, foydalanish vaqtiga koʻra, (doimiy va vaqtinchalik), bajaradigan vazifasiga (tiklovchi, himoya, tayanch) va tayyorlanish usuliga (ezib, quyish, kuydirish, charxlash, bosim ostida presslash) hamda xom ashyosiga koʻra (metal va metalmas, keramika, mineral(sirkon dioksid)) kabi turlarga ajratiladi.

    Sunʼiy tish turlari maʼlum bir koʻrsatmalar asosida bemorlarga tavsiya etiladi. Ushbu koʻrsatmalar bemorlarda umumiy va mahalliy tekshiruvlar natijasida olingan xulosalar, bemorlarning xohish-istaklaridan kelib chiqqan holda shakllanadi.

    Har qanday sunʼiy tishlar yoki protezlarni xizmat vaqti oʻrtacha 5-7 yilni tashkil qiladi. Albatta, bu jarayon bemorni sunʼiy tishlardan foydalanish madaniyatiga ham bogʻliq. Ushbu sunʼiy tishlar tabiiy tishlar kabi doimiy parvarishda va 1 yilda kamida 2-marta shifokor stomatolog nazoratida boʻlishi kerak.

    Sunʼiy tishlarning narxi shifokor stomatolog mutaxassisining mahorati, bilim, tajribasi, sunʼiy tishlar tayyorlanish usuli, xom ashyosi, uni tayyorlaydigan tish texnik mahoratidan kelib chiqqan holda oʻrnatiladi. Sunʼiy tishlar toʻgʻri oʻrnatilgan taqdirda inson salomatligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

    – Bugungi kunda koʻpincha yoshlar orasida tishlarni toʻgʻrilash maqsadida breket qoʻydirish ommalashgan. Oʻzi breket nima va qanday foydasi bor?

    – Breket tizimi yechilmaydigan apparat boʻlib, inglizchadan qulf maʼnosini anglatadi. Yagona breketning oʻzi tish-jagʻ tizimida uchraydigan anomaliya va deformatsiyalarini davolay olmaydi. Apparat tish qatoriga taʼsir qilishi uchun bir nechta elementlardan tashkil topgan boʻlishi kerak: breketning oʻzi (metal yoki chinni), chaynov tishlarga oʻrnatiladigan trubkalar, breketlarga mahkamlanadigan metal yoylar hamda breket va metal yoylarni bir biriga bogʻlab turadigan turli rangdagi elastik rezina tortqichlar.

    Breket tizimi universal hisoblanib, u bir vaqtning oʻzida tish-jagʻ sohasidagi sagittal, vertikal va transverzal yoʻnalishdagi oʻzgarishlarni davolash uchun qoʻllaniladi.