Super-kontrakt toʻliq bekor qilindimi?

    Dolzarb 25 Sentabr 2025 1139

    Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “Oʻzbekistonda super-kontrakt toʻliq bekor qilindi” degan xabar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati bu kabi xabarlar haqiqatga mos kelmasligini maʼlum qildi.

    Maʼlum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-sonli qarori bilan 2017-yil 20-iyunda qabul qilingan 393-sonli qaror oʻz kuchini yoʻqotdi.

    393-sonli qarorga muvofiq, avval kirish imtihonlarida 56,7 balldan kam ball toʻplagan abituriyentlarga birinchi oʻquv yiliga amaldagi oshirilgan toʻlov-kontraktning taʼlim yoʻnalishi boʻyicha belgilangan eng yuqori miqdorining (oʻquv yiliga amalda oʻrnatilgan toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan 10 barobar va undan ortiq oshirilgan toʻlov-kontrakt miqdorining) 2 barobariga teng toʻlovni amalga oshirish sharti bilan oʻqishga kirish huquqi berilar edi.

    Hozirgi kunda aynan shu tartib bekor qilindi.

    Endilikda toʻlov-kontrakt miqdori amalda oʻrnatilgan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

    – 1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;

    – 1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 2,0 barobari;

    – 2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 2,5 barobari;

    – 3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 3,0 barobari.

    Qabul chegaralariga 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari oliy taʼlim muassasalari rektorlari (direktorlari) tomonidan bazaviy toʻlov-kontraktning 3,0 barobaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.