Superbakteriyalar 25-yil ichida qariyb 40 million kishining oʻlimiga sabab boʻlishi mumkin

    Ekspetrlar hisob-kitoblariga koʻra, 2050-yilgacha dori-darmonlarga chidamli infeksiyalar 39,1 million insonning hayotiga zomin boʻlishi, qolaversa, bu bilan bogʻliq patologiyalar tufayli 169 million oʻlim holati yuz berishi taxmin qilinyapti.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlum qildi.

    Sayyoramizda infeksiyalarning antibiotiklarga chidamli turlari koʻpaymoqda. Yaqin kelajakda epidemiologik vaziyat yanada murakkablashishi mumkin. Xususan, kelgusi 25-yil ichida bunday superbakteriyalar 39 milliondan ortiq kishining hayotiga zomin boʻlishi prognoz qilinyapti.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti mutaxassislari dunyoning yetakchi shifokorlari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalariga tayanib, shunday xulosaga keldi. Bu haqdagi maʼlumotlar Buyuk Britaniyaning nufuzli “The Lancet” tibbiy jurnalida eʼlon qilindi.

    “Insoniyat dori-darmonlarga chidamli mikroblarga qarshi kurashish borasida ancha ilgarilib ketdi, — deydi Vashington universiteti professori Steyn Follset. — Ammo erishilgan natijalar yetarli emas. Chunki 2050-yilga borib, dori-darmonlarga chidamli mikroblar bevosita yoki bilvosita har yili 8 million odamning oʻlimiga sabab boʻlishi ehtimoli mavjud. Buning oldini olish uchun shoshilinch ravishda yangi strategiyalarni ishlab chiqishimiz kerak”.

    Bundan Janubiy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Hindiston, Pokiston va Bangladesh aholisi eng koʻp aziyat chekishi, mazkur mintaqada 11,8 millionga yaqin odam superbakteriyalar qurboniga aylanishi xavfi bor. Keyingi oʻrinlardan Janubi-Sharqiy va Sharqiy Osiyo davlatlari oʻrin olishi bashorat qilinmoqda.