“2025-yilgi mavsumdan boshlab Superligada 16ta jamoa ishtirok etadi. Bu orqali mavsum davomidagi tur oʻyinlari soni 30taga yetadi. 

Liga soʻnggi toʻrt mavsum davomida Superliga ishtirokchilari soni sport prinsiplariga zid ravishda oʻzgarmasligi uchun kurashib keldi. OFK litsenziyasini qoʻlga kiritayotgan klublar sonining ortib borayotgani, rasmiy uchrashuvlar oʻtkazish imkoniyatini beruvchi maydonlar va ulardagi projektorlar minimal talablarga moslanganidan kelib chiqib, 2025-yildan boshlab jamoalar sonini oshirish rejalashtirildi. 

Superliganing 2024-yilgi mavsumida 14ta jamoa gʻoliblik uchun raqobatlashadi. Yakunda soʻnggi oʻrinni egallagan 1ta jamoa musobaqa bilan xayrlashadi. Uning oʻrniga Proliganing dastlabki ikki jamoasi Superliga yoʻllanmasini qoʻlga kiritadi. Yana 1 ta yoʻllanma esa Superliganing 12-13 hamda Proliganing 3-4 jamoalari oʻrtasida oʻynaladi. Bunda Pro liganing 4-jamoasi uy oʻtish oʻyinida Superliganing 12-jamoasini, Proliganing 3-jamoasi esa uy oʻtish oʻyinida Superliganing 13-jamoasini qabul qiladi. Har ikki bellashuv gʻoliblari neytral maydonda Superliganing 16-ishtirokchisi nomiga oydinlik kiritadi. 

Bundan koʻrish mumkinki, Superligada 12-oʻrin bilan kifoyalangan jamoa ham 2025-yilgi mavsumni Pro ligada oʻtkazishi, Pro liganing toʻrtinchi jamoasi esa aksincha, Superliga yoʻllanmasiga ega chiqishi mumkin. Muhimi, barchasi sport prinsiplaridan kelib chiqib, amalga oshiriladi”, – deyiladi PFL xabarida.

Superliga ishtirokchilari soni  2017-yilgi mavsum yakunlariga koʻra, 16tadan 14taga qisqartirilgan edi.