“Superliga va Proliga reglamenti”ning 10.18-bandiga koʻra Superliga klubi rasmiy uchrashuvlar davomida futbolchining funksional holatini masofadan turib monitoring qilish imkonini beruvchi moslamadan foydalanishi hamda bu boʻyicha hisobotni OʻFA uchun taqdim etib borishi belgilangan.
Oʻzini hurmat qilgan har qanday murabbiy uchun bu kabi moslamadan foydalanish odatiy holga aylangan. Biroq oʻzbekistonlik mutaxassislar mazkur masalaga yuzaki qarab kelayotganidan kelib chiqib, Liga assotsiatsiya bilan hamkorlikda uni reglamentga kiritishga majbur boʻlgan. OʻFA terma jamoalarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar futbolchilar holatini tahlil qilib borishi uchun ham hisobot muhim hisoblanadi. Biroq 2023-yilgi mavsum davomida terma murabbiylari bu borada qiyinchilikka duch keldi.
Sababi Superliganing 8 klubi mazkur masalaga nisbatan yuzaki munosabatda boʻlgan. Jumladan, OKMK va Nasaf klublari bu kabi moslamaga ega emas. Bunyodkor, Navbahor, Metallurg, Buxoro, Neftchi klublarida faoliyat olib boruvchi tahlilchilar OʻFA mutaxassislariga hisobot taqdim etmagan. Andijon masalasida faqatgina birinchi davra oʻyinlari hisoboti mavjud, ikkinchi davradan boshlab reglament talablarini bajarish toʻxtagan. Bu haqda Oʻzbekiston professional futbol ligasi xabar bermoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5887-sonli farmonida professional futbol klublari faoliyatini yanada rivojlantirish uchun ularda innovatsion laboratoriyalar tashkil etish, shu jumladan, futbolchilar jismoniy tayyorgarligini masofadan kuzatish qurilmalari va zamonaviy imitatsiya uskunalari bilan taʼminlash masalasiga eʼtibor qaratilgan.
Shundan kelib chiqib, OʻFA 2021 hamda 2022-yilgi mavsumlarda Superliganing har bir klubiga foydalanishi uchun Janubiy Koreyaning Fitogether kompaniyasiga tegishli 36 donadan moslamani bepul bergandi. Ammo shundan keyin ham ayrim klublar zamonaviy talablar asosida faoliyat koʻrsatmayotgani, futbolchilar holati, ulardagi oylik, yillik oʻzgarishlar, oʻsishlar yoki pasayishlarni tahlil qilishning toʻlaqonli imkoniyatini bermayapti.
Futbol klublari butun mavsum davomida reglament talabiga bepisand munosabatda boʻlgani, shuningdek, OʻFAning haqli rasmiy eʼtirozidan kelib chiqib, ish tegishli qoʻmitaga oshiriladi. Qoʻmita yigʻilishiga qadar biror futbol klubi mavjud hisobotni OʻFA uchun rasman taqdim etsa, jazo chorasi nisbatan yengillashtiriladi.