Bugun diniy ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlar o‘zlarining radikal g‘oyalarini targ‘ib qilish hamda tarafdorlari sonini oshirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanayotganliklari hech kimga sir emas.
Jumladan, Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi, 2004 y.t. qiz ijtimoiy tarmoqlar orqali ana shunday yovuz kuchlar ta’siriga tushib qolganlardan biri sanaladi.
Dastlab u 2021 yilning iyun oyida “Telegram” messenjerida shaxsiy akkaunt ochib, terroristik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan “Abdullox Zufar”, “Abdullox Buxoriy”, “Sodiq Samarqandiy” va boshqalarning ma’ruzalarini tinglaydi.
Natijada qizning ongi zaharlanib, ekstremistik tashkilotlarning noqonuniyligini anglagan holda, ularning a’zolari bilan virtual muloqotga kirishadi. Alal-oqibatda Suriyaga borib, u yerdagi “Islom Davlati” terroristik tashkiloti safiga qo‘shilishni maqsad qiladi.
Buning uchun u ota-onasidan yashirgan holda, o‘ziga xorijga chiqish pasportini rasmiylashtiradi hamda tilla ziragini sotib, safar uchun jamadon xarid qiladi va unga kiyim-kechaklarini joylab, tanishining uyiga yashirib qo‘yadi.
Lekin, huquq-tartibot idoralari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qizning rejasi amalga oshmasdan, joriy yilning mart oyida u qo‘lga olinadi va jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga ko‘ra, uning uyali telefoni xotirasidagi materiallar orasida “Tavhid va jihod katibasi”, “Islom jihodi ittihodi” terroristik tashkilotlariga tegishli hamda aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’lumotlar mavjud bo‘lib, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish yoxud namoyish etish taqiqlanadi.
Sud hukmiga ko‘ra, mazkur fuqaro Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.