Qayd etilishicha, oʻtkazilgan reyd davomida qoʻriqxona hududida qurol bilan harakatlanayotgan uch nafar fuqaro shubha uygʻotganligi bois kuzatilganda ular toshloq va tik qiyaliklarda harakatlanayotgan boʻlishiga qaramay, masofadan binokl va mobil vositalar yordamida nazoratga olinib, harakati hujjatlashtirilib boriladi.
Shubhali shaxslar toʻxtab dam olayotgan hududga yetib borilganida, aynan oʻsha vaqtda Oʻzbekiston “Qizil Kitobi“ga Xalqaro Tabiatni muhofaza qilish Ittifoqining CITESning “Qizil“ roʻyxatiga kiritilgan kam uchrovchi ikki bosh burama shoxli echki -morxoʻr ovlanib, soʻyilayotganligi aniqlandi.
Ushbu shaxslar voqea joyida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olinib, soʻyilgan hayvon qoldiqlari Termiz davlat universiteti qoshidagi “Sud-Zoologik“ ekspertizadan oʻtkazilganda bir va uch yosh atrofidagi erkak va urgʻochi morxoʻr ekanligi aniqlandi.
Oʻrganishlar davomida ushbu holatni sodir etgan shaxslar — Sherobod tumani “Katta hayot“ mahallasida yashovchi X.Sh., Sh.J. va “Vandob“ mahallasida yashovchi V.M. ekanligi maʼlum boʻldi.
Huquqbuzarlar ushbu harakati bilan tabiatga 4. 5 milliard soʻmni zarar yetkazgani aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar qonuniy tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi. Hozirda holat boʻyicha tergovgacha boʻlgan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Maʼlumot uchun: “Surxon“ davlat qoʻriqxonasi 1986-yil 8-sentyabrda tashkil etilgan boʻlib, Koʻhitang togʻining sharqiy qismini oʻz ichiga oladi. Bu hududda har qanday xoʻjalik faoliyati — mol boqish, ov qilish, daraxt kesish, bino qurish yoki rekreatsion maqsadda foydalanish qatʼiyan taqiqlangan.
Burama shoxli echki yoki morxoʻr (Capra falconeri) — Oʻzbekiston va xalqaro “Qizil kitob“iga kiritilgan, togʻ echkilari urugʻiga mansub noyob hayvon turi hisoblanadi. Mazkur hayvon turini nobud qilish Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab boʻladi.








