Surxon eli qaysi aloqa operatoridan rozi?

    Mamlakatimizda 8 Sentabr 2020 2847

    Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hududlar kesimidagi aloqa sifati monitoring kuzatuv ishlarini davom ettirmoqda. Federatsiyamiz xodimlari endi Surxonda! Demak, boshladik!

    Termiz shahar

    Viloyatning qoq markazi hisoblangan ushbu shaharda “harqalay aloqa yaxshidir” deb oʻylasangiz, afsuski adashasiz. Ayniqsa siz PERFECTUM foydalanuvchisi boʻlsangiz! Chunki ushbu kompaniya Termiz shahar aholisini chetlab oʻtgan shekilli, umuman ishlamaydi. UCELL esa yoʻqdan koʻra bor. Shahar aholisining 90 % i MOBIUZ dan foydalanishsa kerak, degan taxmindamiz, sababi yagona shu kompaniya barcha mahallalardagi mijozlariga aʼlo darajada xizmat koʻrsatib kelmoqda. UZMOBILE va BEELINE esa, 37 ta mahallaning 10 tasiga boʻy koʻrsatishni xohlamaydi.

    Boysun tumani

    MOBIUZ, BEELINE va UCEll kompaniyalari kelishib olgandek 20 ta mahallaning 13 tasiga xizmat koʻrsatishdan bosh tortgan koʻrinadi. Umuman ishlamaydi. Ammo boysunliklar bundan xafa emas, chunki UZMOBILE va PERFECTUM korlariga yarab turipdi.


    Denov tumani

    Tabriklaymiz! 101 ta mahalladan iborat boʻlgan ushbu ulkan tumanda barcha mobil aloqa kompaniyalari aʼlo darajada ishlar ekan.

    Termiz tumani

    Agarda siz UZMOBILE, MOBIUZ yoki BEELINE mobil operatori foydalanuvchisi boʻlsangiz, ushbu tumanga borishingizni maslahat bermaymiz. Sababi bu kompaniyalarning ishlash sifati oʻta sust.

    Oltinsoy tumani

    Tumanga tashrif buyurishdan oldin avvalo, UZMOBILE sim kartasini xarid qilib olganingiz maʼqul, chunki bu hududda faqatgina ushbu mobil operatori ishlash darajasi yuqori. Qolganlari hamin qadar.

    Sariosiyo tumani

    Ushbu tumanning mobil aloqalari faoliyatini havas qilarli deb ayta olmaymiz.
    PERFECTUM 61 ta mahallaning yarmiga yaʼni, 29 tasigagina sifatli xizmat koʻrsatadi, qolgan 32 ta mahallada umuman mavjud emas.
    MOBIUZ va BEELINE aloqa operatori antenasini esa, “Nilu”, “Xonjiza”, “Chosh”, “Maland”, “Doʻstlik”, “Subxidam”, “Sargardak”, “Bogʻisamarqand” va “Daragiston” mahallalaridan daragini topa olmaysiz.

    Uzun tumani

    Tuman 44 ta MFY dan iborat boʻib, shundan 32 tasida PERFECTUM aloqa operatori mavjud emas.
    Toltugʻay”, “Oqmachit”, “Yangiobod”, “ Bobotogʻ ”, Xoʻjaqulsin” kabi mahallarda MOBIUZ, BEELINE, UCELL aloqaga chiqmaydi, qolganlarida ishlab turipdi.

    Sherobot tumani

    UZMOBILE aloqa operatorining bu tumanda oshigʻi olchi. 48 ta mahallaning barchasiga birdek xizmatda. Qolgan kompaniyalar sifati talabga javob bermaydi.

    Jarqoʻrgon tumani

    66 ta mahallani oʻz ichiga olgan ushbu tumanda PERFECTUM aloqa operatorining sifati nisbatan yaxshi. Boshqa kompaniyalar aloqasi maqtanarli darajada emas. Misol uchun:
    MOBIUZ 22 ta, BEELINE 18ta, UCELL 11 ta MFY (mahalla fuqarolar yigʻini) da umuman ishlamaydi.

    Angor tumani

    Tuman aholisi barcha kompaniya xizmatidan bahramand. Faqatgina, “Ulugʻbek” MFY da UZMOBILE kompaniyasi yaxshi ishlamaydi.
    Aloqa kompaniyalari Surxondaryo eliga ham yaxshi xizmat koʻrsatishidan umid qilib qolamiz.

    Aziza XOʻJAKELDIYEVA,
    Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish

    jamiyatlari federatsiyasi bosh mutaxassisi