GlobalG.A.P. — qishloq xoʻjaligi va akvakultura sohalarida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha xalqaro standartlar tizimi boʻlib, 100 dan ortiq mamlakatlarda qoʻllaniladi va oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha global tashabbus (GFSI) tomonidan tan olingan.
Surxondaryo viloyatida mazkur xalqaro sertifikatga loyiq deb topilgan “Denov Agrostar” va “Bravo Agro Sitrus” masʼuliyati cheklangan jamiyatlariga sertifikatlar viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda mahsulot sifati va eksport salohiyatini oshirish, xalqaro bozor talablariga mos ishlab chiqarishni tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, tashrif doirasida “Oltinsoy biznes magnat” MCHJ tomonidan 10 gektar maydonda barpo etilayotgan energiya tejamkor limonchilik issiqxonasi faoliyati bilan ham tanishildi. Ayni vaqtda issiqxonada limon koʻchatlari ekilgan boʻlib, tadbirkor yerdan samarali foydalanish maqsadida koʻchat oralariga tomchilatib sugʻorish asosida kartoshka ham yetishtirmoqda.
Viloyat rahbari tadbirkorga amaliy tavsiyalar berib, uning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va loyihani rivojlantirish uchun barcha zarur koʻmaklar koʻrsatilishini taʼkidladi.
Reklama











